Yoshlar yetakchilari “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida faollik ishtirok etmoqda
Shu kunlarda davlatimiz rahbari raisligida 2026-yil 21-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimiz bo‘ylab “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, ushbu tashabbus doirasida respublikaning barcha hududlarida, chekka qishloq va mahallalarda keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, “Dolzarb 40 kunlik” doirasida poytaxtimizning Mirobod tumanida yoshlar yetakchilari hamda faol yoshlar ishtirokida “Oq uy” qabristoni hududida umumxalq hashari tashkil etildi. Tadbir davomida qabriston hududida sanitariya-tozalash ishlari amalga oshirilib, begona o‘tlar o‘rildi, qurib qolgan shox-shabbalar yig‘ishtirildi, yo‘laklar tartibga keltirildi hamda ziyoratgoh hududining ozodaligi ta’minlandi.

Mazkur xayrli tashabbus yosh avlodda milliy qadriyatlarimizga hurmat, muqaddas qadamjolarni e’zozlash, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabat va yuksak fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Sergeli tumani Yoshlar ishlari bo‘limi tomonidan ham Qubaytepa mahallasida joylashgan "Nog‘ayqo‘rg‘on" qabristoni hududida hashar ishlari tashkil etildi.
Hashar davomida qabriston hududi begona o‘tlardan tozalanib, yo‘laklar tartibga keltirildi, atrof-muhit obodonlashtirildi hamda tozalik ishlari amalga oshirildi.
Bunday ezgu tashabbuslar yurtimizda obodlik, pokizalik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Olmazor tumani Yoshlar ishlari bo‘limi yoshlari Mustaqil yurt mahallasidagi "Beshqo‘rg‘on Qora Hoji ota" qabristoni hududida obodonlashtirish va hashar ishlari o‘tkazildi.
Hashar davomida hudud begona o‘tlardan tozalanib, yo‘laklar tartibga keltirildi, daraxtlar atrofi tozalandi hamda qabriston yanada ozoda va saranjom holatga keltirildi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumani Yoshlar ishlari bo‘limi tashabbusi bilan “Qizmozor” qabristoni hududida hashar va obodonlashtirish ishlari tashkil etildi.
Yashnobod tumani yoshlar yetakchilari tomonidan tumanda joylashgan “Chilon Ota” qabristoni hududida obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Hashar davomida hududlar tozalanib, tartibga keltirildi, atrof-muhitni obod qilish va muqaddas maskanlarni asrab-avaylashga qaratilgan ezgu ishlar amalga oshirildi.
Uchtepa tumani Yoshlar ishlari bo‘limi tashabbusi bilan esa Ko‘hna Cho‘ponota mahalla hududidagi "Cho‘ponota" qabristonida obodonlashtirish va hashar ishlari tashkil etildi.
Hashar davomida qabriston hududi begona o‘t va chiqindilardan tozalanib, yo‘laklar tartibga keltirildi hamda sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.
Ushbu ezgu tashabbus orqali yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyat va jamoatchilik mas’uliyatini yanada mustahkamlash maqsad qilindi.
Shu bilan birga Sergeli tumani Yoshlar ishlari bo‘limi tashabbusi bilan Qubaytepa mahallasida qarovsiz holga kelib qolgan uylar oldi hududlarida hashar ishlari tashkil etildi.

Hashar davomida hududlar begona o‘t va chiqindilardan tozalanib, atrofi tartibga keltirildi hamda mahalla yanada obod va fayzli ko‘rinishga keltirildi.
Yakkasaroy tumani Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi mas’ullari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirokida Belariq mahallasi, Abdulla Avloniy 2-tor, 4-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Kamila Krafchenkoning xonadoniga tashrif buyurildi.
Tashrif davomida xonadon tomorqasi obodonlashtirilib, hudud tartibga keltirildi, hovli atrofi tozalanib, ozoda va fayzli muhit yaratishga ko‘maklashildi.

Yoshlar yetakchilarining bunday tashabbuslari esa mahallalarda hamjihatlik, birdamlik va o‘zaro ko‘mak muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur xayrli tashabbus yosh avlodda milliy qadriyatlarimizga hurmat, muqaddas qadamjolarni e’zozlash, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabat va yuksak fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishga olib keladi. Obodlik har birimizdan, Vatanga muhabbat esa o‘z mahallamiz va muqaddas maskanlarimizni asrab-avaylashdan boshlanadi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA