Yoshlar ¬– yangi O‘zbekiston imijini yaratuvchi kuch
Bundan to‘rt yil avval Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev respublika yoshlari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun – 30 iyun sanasini mamlakatimizda Yoshlar kuni deb e’lon qilgan edi.
Anjumanda Prezidentimiz yoshlar Vatanimiz, jamiyatimizning hal qiluvchi kuchi ekanligiga alohida urg‘u berib, «O‘zbekistonimizning yorug‘ va farovon istiqbolini bunyod etishdek mas’uliyatli vazifani kim o‘z zimmasiga oladi? Albatta, faqat zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan siz, aziz yoshlarimiz», degan edilar.
Darhaqiqat, Vatanimiz yoshlari Prezidentimiz belgilab bergan, rivojlanishimizda bosh omil bo‘lgan Harakatlar strategiyasini amalga oshishida ijtimoiy hayotning faol ishtirokchisiga aylandi. Ammo katta islohotlar jarayonidagi bu faollik, tashabbuskorlik o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas. Buning uchun harakatlarda aniq yo‘nalish bo‘lishi hamda moddiy va ma’naviy rag‘bat zarur. Davlatimiz rahbarining keyingi yillarda yoshlarga bo‘lgan juda katta e’tibor va g‘amxo‘rligi samarasida bu imkoniyatlar yaratildi.
Avvalo yoshlarimiz faolligi asosida turadigan ma’naviyatni yuksaltirish, kitobxonlik, musiqa, rassomlik, teatr va san’at, sport, kompyuter texnologiyalari, bandlik kabi masalalarni qamrab olgan besh muhim tashabbus ilgari surildi. Eng muhimi, ta’lim sifatini tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning kasb-hunar o‘rganishlari asosiy masala qilib qo‘yildi, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga qabul qilishda ijtimoiy adolatni tiklandi, chet ellarga borib o‘qish va mamlakatimizda xorijiy oliy o‘quv yurtlarining erkin faoliyat olib borishi uchun sharoit va imkoniyat yaratildi. Birin-ketin Prezident maktablari, ma’lum bir fan doirasida ixtisoslashgan maktablar, ulug‘ adiblarimiz nomidagi ijod maktablari faoliyat boshladi va ilk natijalarini bera boshladi.
Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimini bajarishga kirishgan ilk kunlardanoq yoshlar muammosini kun tartibiga qo‘yib, ularning chuqur bilimga ega bo‘lishi, chet tillarini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashini ta’minlash doimiy ustuvor vazifa bo‘lib qolishini aytgan edilar. Yoshlar qalbi va ongiga ona-Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lida o‘qituvchi va murabbiylarning xizmatlari beqiyos bo‘lishini ta’kidlangan edi.
Prezidentimiz nafaqat respublikamizning, balki sayyoramizning ertangi kuni va farovonligi ham yoshlarimizning qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Dunyoning ma’rifatparvar kuchlarini ularni zo‘ravonlikdan asrash, o‘z salohiyatini namoyish etishlariga sharoit yaratish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilishga chorlaydi. 2017 yilning 19 sentyabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etganligi va bu taklifning ma’qullanganli fikrimizning yaqqol dalilidir.
Prezidentimiz qaysi masalaga e’tibor qaratmasin, bunda albatta masalaga ilmiy yondashuvni hisobga oladilar. Mamlakatimizda ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, buning uchun zarur moliyaviy resurslarni safarbar etish, ushbu jarayonda iqtidorli yoshlar ishtirokini, ijodiy g‘oya va ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasini qo‘yadilar.
Bularning barchasi biz murabbiylar uchun yoshlar bilan ishlash masalasida aniq-ravshan qilib chizib berilgan yo‘l xaritasidir. Ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishning tayanch nuqtasidir. Bu haqda gapirganda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilingani, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi nodavlat-notijorat tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi davlat tashkiloti tashkil etilganini ta’kidlash lozim. Bu tuzilmalar bugungi kunda iqtidorli yoshlarimizning nafaqat mamlakatimiz, balki xorijdagi tengdoshlari bilan ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda bo‘lishlari uchun keng imkoniyatlarni yaratib bermoqda.
Prezidentimiz yaqinda Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda har doimgiday yoshlarni Vatan manfaati yo‘lida birlashishga chorladilar. Buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga da’vat qildilar. «Beruniy izdoshlari», «Mirzo Ulug‘bek vorislari», «Alisher Navoiy davomchilari» kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishini, kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirishga doimiy e’tibor bo‘lishi qayd etildi.
«Biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz!» degan tashabbusi va buning ortidan yosh, g‘ayratli, fidoyi o‘g‘il-qizlarning bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktirilishi va natijada yangi avlod zahira kadrlari – «Kelajak liderlari»ni shakllantirilishi quvonarli yangilik bo‘ldi.
Ammo qars ikki qo‘ldan chiqadi, deydi xalqimiz. Hamma sharoit yaratib berilgan bo‘lsayu shunga yarasha javob bo‘lmasachi? Shunday paytlarda Prezidentimizning joriy yilning 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda aytgan gaplari yodga tushadi: «Toshkentga bog‘liq masala qolmadi. Endi berilgan mablag‘ va tizimni aql bilan ishlatib, joylarda manzilli bajarish kerak. Men kuyib-pishganim bilan sizlar jon kuydirmasangiz, xalqning biri ikki bo‘lmaydi».
Barcha ta’lim muassasalari, jumladan Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ham yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanar ekanmiz, ma’naviy-ma’rifiy ishlarimizni qayta ko‘rib chiqishimiz, bugungi kun talabidan kelib chiqib, faoliyat olib borishimiz lozim bo‘ladi. Biz unda albatta keyingi besh yilda yoshlarga oid siyosat doirasida erishilgan natijalarga xolis baho berishimiz, shunga mos rejalar tuzishimiz zarur. Binobarin, O‘zbekistonning yangi imijini yaratish ko‘p jihatdan bugun hayotga kirib kelayotgan yoshlarimizga bog‘liqdir.
Zebiniso RAHMONOVA,
Samarqand davlat universiteti
yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha prorektor
O‘zA