Yoshlar va xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashilmoqda
Bandlik dasturi – amalda
Keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni kasb-hunarga o‘qitib, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimiz aholisining asosiy qismini yoshlar va xotin-qizlar tashkil etadi. Jumladan, aholining 49,7 foizi hamda mehnat resurslarining 45 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, Navoiy shahar prokuraturasi, shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda Navoiy davlat universiteti hamkorligida yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Markazimiz tomonidan xotin-qizlarni bepul kasb-hunarga o‘qitish hamda ular bandligiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. – Bugungi kunda markazimizda xotin-qizlar 30 ta yo‘nalish bo‘yicha bepul o‘qitiladi. Bunda bir qator hamkor tashkilotlarning ko‘magiga tayanmoqdamiz. Ular bilan bevosita Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilgan holda faoliyatimizni olib boryapmiz. Tadbirkorlik sub’ektlari va xotin-qizlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda mazkur qaror mazmun-mohiyati, imkoniyatlar haqida tushunchalar berilmoqda.

Qarorda ta’kidlanganidek, kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida ta’lim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi. Xotin-qizlarni kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida kasb-hunarga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida moliyalashtiriladi. Bunda, ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitilgan har bir bitiruvchi xotin-qiz uchun sarflangan o‘qitish xarajatlarining 70 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobaridan oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Navoiy shahar 2-sektor rahbari, shahar prokurori Xudoyberdi Norqobilov, shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nasiba Rahimova Kimyogar mahallasida joylashgan “CHADOS-2009” MCHJ ishlab chiqarish korxonasi va Vatan mahallasida tashkil etilgan kasb-hunar va til o‘rgatish markazida bo‘lib, yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.
Kasb-hunar va til o‘rgatish markazida Navoiy davlat universiteti talabalari uchun imtiyozli kurslar tashkil etilgan bo‘lsa, ayni paytda “CHADOS-2009” MCHJda 40 nafardan ortiq xotin-qiz faoliyat olib bormoqda. Ularning 12 nafari kasanachilik asosida ish olib borsa, 8 nafarini nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni tashkil etadi.

– Ish faoliyatimni 2017 yilda bir nafar ishchi bilan boshlagandim. Bugun esa korxonamda 40 nafardan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlangan, – deydi “CHADOS-2009” MCHJ rahbari Latofat Husanova. – Ayni paytda qo‘l mehnati bilan turli xildagi yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz. Korxonamiz viloyat Xotin-qizlar markazi bilan hamkorlik qiladi. Bu yerda kasb-hunarga qiziqqan xotin-qizlarga yumshoq o‘yinchoqlar yasash bo‘yicha o‘quv kursi ochilgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, 2024 yilning 10 oyi davomida Navoiy shahridan 226 nafar “Ayollar daftari”da turgan xotin-qiz 60 soatlik bepul o‘quv kurslarda o‘qitilgan. Ularning 41 nafari imtiyozli kredit olib o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, 9 nafari mavsumiy ishga qabul qilingan. 143 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan holda uyda oilaviy daromadiga ega bo‘lmoqda. Qolgan xotin-qizlarni ham ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri