Yurtimizda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamdagi profilaktik ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan Navoiy viloyatida 11 ta tuman va shaharlardagi mavjud 330 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida mahalla yoshlar yetakchilari hamda profilaktika inspektorlari o‘rtasida tezkor ma’lumot almashinuvi va amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
2024 yilda viloyatda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishi bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda umumta’lim maktablari, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari hamda mahallalarda uchrashuv, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilingan.
Shuningdek, viloyatda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan 180 ga yaqin kunduzgi va tungi reyd tadbirlari tashkil qilinib, jinoyatchilik, huquqbuzarliklar nazoratga olingan.
Bundan tashqari, 2023-2024 yillarda Mudofaa boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi davlat idoralari bilan hamkorlikda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, huquqiy savodxonligini oshirish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan mingdan ortiq loyiha va tadbirlar amalga oshirilgan. Ularda jami 450 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etgan.
Natijada viloyatda 2024 yilda yoshlar o‘rtasida jinoyatlar sonini 2023 yilga nisbatan sezilarli qisqartirishga erishilgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi globallashuv jarayonida yoshlar va voyaga yetmaganlar siyosati barcha davlatlar uchun asosiy masalalardan biri hisoblanib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilganligini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, Kanadada voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida 6 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan xavf guruhidagi bolalar hamda o‘smirlar bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan o‘g‘il va qiz bolalar klub (to‘garak)lari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Klub bolalar muhim ko‘nikmalarini rivojlantirish va sog‘lom o‘sishlari uchun yordam olishlari mumkin bo‘lgan xavfsiz hamda ijobiy muhitni ta’minlash, maktab darslaridan keyin (15:00 dan 18:00 gacha) bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishda eng zarur bo‘lgan paytda ish olib borishi belgilangan.
AQSHda esa voyaga yetmaganlar bilan ishlashda samaradorlikni oshirish uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan. Dasturning asosiy maqsadi 9 yoshdan boshlab, ya’ni bolalar mustaqil fikrlashni boshlagan paytda ularga huquq va majburiyatlari haqida birlamchi ma’lumot berishga qaratilgan.
Norvegiyada maktablarda zo‘ravonlikni kamaytirish va oldini olishga qaratilgan ko‘p komponentli Olweus Bullying Prevention Program (BPP) dasturi ishlab chiqilgan. Dastur o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan.
Yurtimizda ham yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida 2016 yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni, 2021 yil 13 iyulda “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni, 2022 yil 7 iyunda Vazirlar Mahkamasining “2022-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur hujjatlarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, huquqiy savodxonligini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
Belgilangan chora-tadbirlar esa yoshlar tarbiyasida ijobiy natijalarga erishishga xizmat qilmoqda.
Bekzod Ikromov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Navoiy hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.
O‘zA