Yoshlar va sportchilar uchrashuvi
Nukus Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Toshkent shahrida o‘tkazilgan "Besh tashabbus paralimpiadasi" sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi bosqichida g‘olib bo‘lgan parasportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi mas’ul rahbarlari, Nukus Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining trener-o‘qituvchilari va o‘quvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi vakillari so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini Yoshlar kuni bayrami, g‘oliblarni esa qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan samimiy qutladi. Ularning kelgusi musobaqalarda katta muvaffaqiyatlarga erishishlariga tilak bildirdi.
[gallery-24124]
– Parabadminton sporti bilan ikki yildan buyon murabbiyim Joldasbay Ubbiniyazov rahbarligida shug‘ullanib kelaman, – deydi sport musobaqasining kumush medali sohibasi Muqaddas Qolboyeva. – Chempionlik uchun kurashgan edim. Biroq omad raqibimga kulib boqdi. Kelgusida birinchi o‘rinni egallashga harakat qilaman.
Uchrashuv so‘nggida respublikada sport sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlarni, sportchilarning erishayotgan yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazib kelayotgan bir guruh jurnalistlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA