“Yoshlar va sportchilar bog‘i”ga asos solindi
“Yashil makon” umummilliy loyihasi tabiatni asrash bilan birga aholi salomatligini muhofaza etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Kuz faslining so‘nggi oyida mazkur harakat jadallik bilan olib borilayotgani, bu tashabbus ming-minglab yurtdoshlarimiz qatori sportchilarimizni ham qamrab olayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etilgan ommaviy ko‘chat ekish aksiyasi jahon sport maydonlarida Vatanimiz sharafini ulug‘lab kelayotgan sportchilarni tabiat qo‘yniga chorladi.


Ular Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan “Yoshlar va sportchilar bog‘i”ni yaratishda ishtirok etib, nihollarni yerga qadadi.
Aytish kerak, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimi, shuningdek, sportchi va yoshlar doirasida uyushtirilgan “Yashil makon” loyihasi nafaqat poytaxtimizda, qolgan 13 ta hududda ham uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. 30 mingga yaqin sport va yoshlar tashkilotlarining vakillari, sportchilar, Olimpiya va jahon chempionlari, terma jamoa murabbiylari ushbu xayrli tashabbusda qatnashdi.

Birgina Bo‘stonliqda ilk tamal toshi qo‘yilgan “Yoshlar va sportchilar bog‘i”ga 2,5 mingta ko‘chat ekildi. Joylarda yana yuzlab nihollar aynan sportchilar tomonidan qadaldi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA