Yoshlar va ayollar tadbirkorlikka bepul o‘qitilmoqda
Aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish bevosita ishbilarmonlik muhitining shakllanganligi bilan bog‘liq. Gap shundaki, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi tadbirkorlik va biznes oliy maktabi Davlat xizmatlari agentligi bilan hamkorlikda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha bepul o‘quv seminarlari tashkil etmoqda. Unda kelajakda o‘z biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlar, ayollar ishtirok etmoqda.
Maqsad, yoshlar va xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit oluvchi aholi qatlamlarida ko‘nikmalarni rivojlantirish, biznesni boshqarishda yetarli amaliyot joriy qilishdan iborat. Ayni kunlarda ushbu dastur doirasida yuzdan ortiq farg‘onalik tinglovchilar bilan sifatli, mutlaqo bepul hamda amaliyotga qaratilgan o‘quv jarayonlari olib borilayapti. O‘quv seminari davomida davlat xizmatlari markazi xodimlari tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda davlat ro‘yxatidan o‘tish, ilk faoliyat uchun yaratilgan moliyaviy-iqtisodiy imkoniyatlar, hujjatlarni rasmiylashtirish, bosqichma-bosqich joriy etilayotgan yangi davlat xizmatlari yuzasidan ma’lumotlar berildi.

- O‘quv kurslari ikki hafta davom etadi, - deydi Tadbirkorlik va biznes oliy maktabi Farg‘ona filiali bo‘lim boshlig‘i Inomjon Isomiddinov. - Unda “Soliqlar va majburiy to‘lovlar, imtiyozlar”, “Kreditning moliyaviy manbalari”, “Marketing va mahsulotlarni samarali sotish” kabi o‘nlab mavzularda darslar o‘tkaziladi. O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab sertifikatga ega bo‘lgan tinglovchilar tijorat banklari tomonidan berilayotgan imtiyozli kredit mablag‘larini olishlari va o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari mumkin.
Marg‘ilon shahri va Bag‘dod tumanida tashkil etilgan o‘quv seminari yakunida ishtirokchilar hududdagi korxonalarning ish jarayonlari bilan tanishtirildi. Unda amaliyot bilan bog‘liq savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga korxonaning tashkil etilishi, hujjat ishlarini yuritish, bozorni o‘rganish, marketing kabi amaliy, nazariy bilim va ko‘nikmalar berildi.

M.Sulaymonov, O‘zA