Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi, o‘qishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ayniqsa, uyushmagan va mahalla yoshlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida har bir mahallada Yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgan edi. Ayni kunlarda Toshkent viloyatidagi 1022 ta mahallada yoshlar yetakchisi samarali faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni o‘rganish va hal etishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.

– Joriy yil boshidan buyon “Yoshlar daftari” ga kiritilgan o‘g‘il-qizlarning 2 ming 560 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov. – Ularning bandligi, ta’lim, oilaviy, ijtimoiy va salomatlik holatlaridan kelib chiqib amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Xususan, daftarga kiritilgan yoshlarning 251 nafariga mehnat qurollari olib berildi. Bundan tashqari, 525 nafar yoshning to‘lov-shartnoma mablag‘i to‘lanib, boshqa amaliy yordamlar berildi. Shuningdek, tadbirkorlik, dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlarga yer maydonlari ajratilmoqda.

Yoshlar yetakchilari tomonidan olib borilayotgan ishlar, ayniqsa, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, murojaatlarini alohida nazoratga olish borasidagi ishlar ijobiy natijalar beryapti. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan navbatdagi muloqot ham mazkur ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Suhbatda yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida yoshlarning tadbirkorlik, bandlik va ta’lim sohasiga oid murojaatlari hamda takliflari tinglandi. Viloyat yoshlari yetakchisi o‘g‘il-qizlar va ularning ota-onalari tomonidan yo‘llangan har bir murojaatni qog‘ozga tushirib bordi hamda yechimi yuzasidan zarur tavsiya, maslahatlarini berdi. Muloqotdan so‘ng Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov yoshlar tomonidan bildirilgan har bir masala bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligining tuman-shaharlardagi mas’ullari bilan birgalikda ijrosini nazoratga olishini ma’lum qildi.
A.Musayev,O‘zA.