Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz davlat pedagogika institutida yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadigan yana bir muhim loyiha – “Yoshlar markazi” yangi binoda faoliyat boshladi.
Yangi markaz institut tashabbusi bilan tashkil etilib, yoshlarning zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirilgan ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni bandlik bilan ta’minlash va raqobatbardosh mutaxassislar qilib tayyorlashni maqsad qilgan. Markaz qurilishiga jami 10 milliard so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, bu mablag‘ institutning byudjetdan tashqari manbalari hisobidan moliyalashtirildi.
Zamonaviy arxitektura asosida barpo etilgan 3 qavatli binoda kutubxona, konferensiya zali, media studiya hamda zamonaviy interaktiv doskalar bilan jihozlangan o‘quv xonalari mavjud.
“Yoshlar markazi” axborot texnologiyalari va dasturlash kurslari – Python, Java, Web kabi dasturlash yo‘nalishlarida chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlar tashkil etilib, talaba-yoshlar va uyushmagan yoshlar jalb etilishi maqsad qilingan.
Ingliz, rus, koreys va boshqa xorijiy tillar bo‘yicha intensiv kurslar orqali til o‘rganish salohiyati oshiriladi.
Kasb-hunar o‘rgatish kurslarida hududdagi uyushmagan yoshlar uchun hunarmandchilik, kompyuter savodxonligi kabi amaliy yo‘nalishlarda ta’lim beriladi.
Tadbirkorlik va startap loyihalarini rivojlantirish biznes reja tuzish, marketing asoslari, moliyaviy savodxonlik kabi mavzularda treninglar o‘tkazilib, yoshlar orasida tadbirkorlik madaniyati shakllantiriladi.
Shuningdek, markaz bazasida institutning “Texnologik ta’lim” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun amaliyot maydoni yaratilgan bo‘lib, bu nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashga xizmat qiladi.
[gallery-22963]
Markazning yana bir innovatsion yo‘nalishi – virtual turizm loyihasi bo‘lib, Shahrisabzning boy tarixiy va madaniy merosini raqamlashtirish, uni global miqyosda targ‘ib qilish maqsad qilingan.
Ushbu tashabbus Prezident tomonidan ilgari surilgan “Yoshlar – kelajagimiz” konsepsiyasi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, yoshlarning zamonaviy kasblarga yo‘naltirilishi, ularning bandligini ta’minlash hamda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri