Yoshlar uchun tarixiy davr
O‘tgan yilning eng so‘nggi oyi biz yoshlar uchun haqiqiy unutilmas, quvonchli voqealarga boy bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston yoshlari forumida so‘zlagan nutqi va Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasi, ayniqsa, 2021 yil –“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilinganligi barcha yoshlarni yanada ruhlantirib yubordi.
Internet va oynai jahon orqali dunyoda nimalar ro‘y berayotgani, 2 milliard nafardan ortiq dunyo yoshlari hayoti, taqdiri, orzu-umidlari qanday kechayotganligi, qanday sharoitda yashayotganligi haqida kerakli tasavvurga egamiz. Hattoki, ba’zi davlatlarda yoshlarga yetarli darajada e’tibor qaratilmayotganligi sababli ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelayotganligidan ozmi-ko‘pmi xabardormiz. Nega men o‘z mulohazamni bu fikrlardan boshlayapman. Chunki, yoshlarimiz buni bilishlari kerak. bugungi kunda bizning yurtimiz yoshlariga davlatimiz tomonidan bo‘layotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rliklar birorta davlat yo‘q desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev biz yoshlarning har jabhada qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Mamlakatimizda so‘ngi to‘rt yil mobaynida yoshlar siyosatiga daxldor jami 5 ta Qonun, Prezidentimizning 7 ta farmoni, 14 ta qarori, 2 ta farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 23 ta qarori, 4 ta farmoyishlarining qabul qilinganligi yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilganining yorqin isbotidir. Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qoshida Yoshlar parlamenti tashkil qilingan. Ushbu Parlament a’zolari ichida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Shimoliy kon boshqarmasi yoshlar yetakchisi Farrux Abdimo‘minovning ham borligi, quvonarli hol, albatta.
Bugun yangi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan olamshumul o‘zgarishlar, ulkan taraqqiyot odimlari va albatta yurt yoshlariga yaratilayotgan keng sharoitlarga dunyo ahli va yoshlari havas qilmoqda. Bundan faqat g‘ururlanish, shunday jannatmonand yurtda tug‘ilganimizga shukronalar aytish, ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kamarbasta bo‘lish, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratishga hissa qo‘shish muqaddas vazifamizdir.
Muhtaram Yurtboshimizning yoshlar forumidagi nutqini videoselektor yig‘ilishida, shuningdek, tarixiy Murojaatnomasini oynai jahon orqali eshitib, nihoyatda ta’sirlandim. Bu hayotbaxsh ma’ruzalar hamkasblarim qatorida menga ham kuch-g‘ayrat bag‘ishladi hamda oldimga turgan mas’uliyat hissini yanada kuchaytirdi. Ommaviy axborot vositalarida ushbu ma’ruzalarni kombinat yoshlari yetakchilari bilan qayta-qayta o‘qib va uqib, o‘zimiz uchun kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalarni, ish rejalarimizni belgilab oldik. Shak-shubhasiz, bu biz uchun ishimizni to‘g‘ri tashkil etishda muhim dasturilamal bo‘ladi.
2021 yil yurtimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilingani hayotimizda yangi sahifa ochdi va bu tarixiy kun kombinatning o‘n besh mingdan ortiq yoshlarini ham ruhlantirib yubordi. Mazkur tarixiy Murojaatnomada yoshlar faoliyatiga daxldor oltita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha ishlar olib borilishi yurtimiz yoshlari uchun yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Murojaatnomada Yurtboshimizning “Biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz. Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak” degan da’vatlari galdagi orzu-umidlarimiz ro‘yobi ifodasidir.
bugungi kunda kombinatda 124 ta boshlang‘ich tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Kombinatda ishchilar va muhandis-texniklarning o‘rtacha yoshi o‘ttiz yettida, rahbar xodim hamda mutaxassislarning yigirma besh foizini o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etadi.
Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, kombinat tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular iste’dodini ro‘yobga chiqarish, yosh mutaxassislarni tarbiyalash borasida o‘ziga xos maktab yaratilgan. Jumladan, har yili yoshlarimiz o‘rtasida “Yilning eng yosh mutaxassisi”, “Yilning eng yosh kasb egasi”, “Yilning eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi”, “Yilning eng yaxshi yoshlar yetakchisi” kabi tanlovlar, “Ustoz-shogird” an’anasi bo‘yicha yangi qabul qilingan yoshlarni tajribali mutaxassislarga biriktirish, yosh xodimlarni respublika va kombinat tizimida mavjud o‘quv markazlarida malakasini oshirish va qayta tayyorlash muntazam ravishda olib borilmoqda.
Tarixga aylangan 2020 yilda kombinatimizning fidoyi yoshlari Orolni o‘rmonlashtirish loyihasi doirasida saksovul ko‘chatlarini o‘tqazishda jonbozlik ko‘rsatishdi. Xalqimiz boshiga sinovli kunlarda yoshlarimiz saxovat va ko‘mak ishlarida faol qatnashdilar. Jumladan, Qorako‘l va Olot tumanlaridagi tabiiy ofat va Sardobadagi fojiasidan zarar ko‘rganlarga yuborilgan yordam yuklarini yuborishga hissa qo‘shishgan bo‘lsa, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga homiylik mablag‘larini yig‘ish bo‘yicha targ‘ibot ishlarida, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ko‘ngilli yoshlar tomonidan kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini respublikamizning turli hududlariga yetkazib berish, shuningdek koronavirus bilan kurashishda profilaktik ishlarni olib borish kabi xayrli ishlarni amalga oshirishda faollik ko‘rsatishganligi bilan faxrlanamiz, albatta.
Mana 2021 yilga ham o‘ziga xos va mos nom berildi. Oldimizga amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olib, marrani baland oldik. Uning bosh g‘oyasi zamirida esa yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdek ezgu maqsadlar mujassam. Biz yoshlar mana shunday tarixiy zamonda yashayotganimizni his qilgan holda, o‘zimizning bilim va iste’dodimizni yurtimiz taraqqiyoti uchun safarbar etishimiz kerak.
Sanjar RADJABOV,
NKMK yoshlar yetakchilari Kengashi raisi