Yoshlar uchun manfaatli bo‘lgan memorandum imzolandi
Toshkent shahar kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi, Shayxontohur tumani kasbiy ko‘nikmalar markazi va Latviya Respublikasining "Presision Sertifi" qo‘shma korxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kasbiy ta’limni rivojlantirish va ishlab chiqarish sohasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida imzolangan memorandum doirasida endilikda ilmiy, pedagogik va ishlab chiqarish mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish, kichik va yoshlar sanoat zonalaridagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, kichik va yoshlar sanoat zonasida faoliyat olib borayotgan korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlab berish, qisqa muddatli kurslar tashkil etish va sertifikat berish, "Dual ta’lim" yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etish hamda xalqaro ISO sertifikatlarini olishda ko‘maklashish ham shular jumlasiga kiradi.


Shu bilan birga, markaz tomonidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi va bitiruvchilarning ishga joylashishiga yordam beriladi.
Hamkorlik kelishuvi ikki tomonlama manfaatli bo‘lib, kelgusida yoshlarning ish bilan band bo‘lishini ta’minlaydi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA