Niholning chinorga aylanishi katta bir davr va vaqt silsilasini o‘z ichiga oladi. Bugun yurtimiz oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan, o‘z bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘lida izlanishlar olib borayotgan, tafakkurini charxlayotgan yuzlab talaba-yoshlarning barchasi ham mamlakatimiz ilm-fanining ulkan chinorlariga aylanmas, ammo farovon hayot asosi bo‘lgan ishlab chiqarish bo‘g‘inlarida, madaniy-ma’rifiy sohalar, ijtimoiy-siyosiy tizimlar taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladigan insonlar bo‘lib kamolotga erishishi tayin.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunida yoshlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual, ijodiy va o‘z yo‘nalishlaridagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi nazarda tutilgan. Bu borada oliy ta’lim muassasalarida talaba-yoshlar ishtirokida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati beqiyos.
Kuni kecha Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti tashkil topganining 107 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan "Universitetim – mening faxrim" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham ayni maqsadlarga qaratildi.
Universitetning xorijiy filologiya, fakultetlararo ingliz tili kafedrasi professor-o‘qituvchilari, ijtimoiy fanlar, tarix, biologiya va ekologiya fakultetlari talabalari ishtirok etgan tadbirda talaba-yoshlar O‘zbekiston ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan yuzlab olimu-fuzalolar, professorlar hayoti, ilmiy merosi, ular tomonidan yaratilgan noyob asarlar haqida so‘z yuritdi.
Milliy universitetning tashkil etilish tarixi, o‘tgan davr mobaynida olib borilgan keng qamrovli o‘quv ishlari xususida talabalar tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Tadbirda ishtirok etgan o‘qituvchi-olimlar, yetakchi mutaxassislar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, milliy manfaatlarimizga to‘la javob beradigan ob’ektiv zarurat” ekanligini ta’kidladi. Bunda bugun har jihatdan o‘z o‘rnini topib borayotgan, xalqaro reytinglardagi natijalarni yangilab kelayotgan O‘zbekiston milliy universitetining tutgan o‘rni ne chog‘li ahamiyatli ekanligi aytib o‘tildi.
Savol-javob va munozaralarga boy kechgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilarga katta zavq bag‘ishladi. Bu kabi ma’naviy tadbirlar ularning yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Zero, yoshlar – tayanchimiz va kelajagimiz davomchilari.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7Ng-LsHOVCs" title="Yoshlar – tayanchimiz va kelajagimiz davomchilari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova , O‘zA