Yoshlar biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha uch oylik dastur boshlandi
Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida tashkil etilgan mazkur dasturda talabalar qator yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan IT-loyihalari bilan ishtirok etmoqda.
Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida tashkil etilgan mazkur dasturda talabalar qator yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan IT-loyihalari bilan ishtirok etmoqda.Loyiha O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” loyihasi bilan hamkorlikda Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi, «Sasol» kompaniyasi vakolatxonasi va Yevropa Ittifoqining «Menejmentni o‘rgatish dasturi – O‘zbekiston Respublikasida kichik biznes korxonalari rahbarlari va xususiy tadbirkorlik salohiyatini mustahkamlash» loyihasining moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti rektori K.Karimov va boshqalar mamlakatimiz yoshlari tadbirkorlikka katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi. Ular ishlab chiqayotgan biznes-rejalar dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik vazifalarni hal etishga qaratilgan bo‘lib, ushbu tashabbuslar davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda.
Dasturda oliy o‘quv yurtlari talabalari axborot xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, transport va yo‘l infratuzilmasi, tibbiyot, moliya va to‘lov tizimlari, to‘qimachilik va moda, ta’lim, yurisprudensiya, restoran biznesi kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan IT-loyihalari bilan ishtirok etayotir.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari yoshlarning huquq va qonunchilik sohasidagi bilimini boyitishga qaratilgan komputer ta’lim o‘yini «Himoyachim – qonun», elektron shakldagi kitoblarni topish va o‘qish imkonini beradigan «Book Club» va boshqa loyihalarni taqdim etdi. Toshkent davlat agrar universiteti jamoasi muayyan yerdan ma’lum miqdorda hosil olish uchun sarflanadigan xarajatni hisoblash imkonini beruvchi «Fermer uchun android biznes-reja» mobil ilovasini ishlab chiqmoqda.
– Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, dasturiy mahsulot ixtirochilarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchisi Sh.A’zamov. – Mazkur dasturda ishtirok etishdan avval «Dovezu.uz» loyihamni joriy qilgan edim. Endi uning takomillashtirilgan «Manzil.uz» variantini namoyish etmoqdaman.
Yoshlar uch oylik dastur doirasida «tejamkor startap»ni tushuntirish, loyihani rivojlantirishga doir «yo‘l xaritasi»ni tuzish bo‘yicha treninglarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli ta’lim dasturlarida ham ishtirok etadi. Dastur davomida ishtirokchilar tajribali mutaxassislardan maslahat olib, o‘z yutuq va kamchiliklarni o‘rganish, tahlil qilish uchun guruh uchrashuvlarida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.
Yosh tadbirkorlar dastur natijalari asosida bo‘lajak investorlarga o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazadi.