Yoshlar tashabbusi — Respublika komissiyasi e’tiborida
Prezidentimiz tomonidan yoshlar siyosati samaradorligini yanada oshirish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida amaliy o‘rganishlar izchil davom etmoqda.
Shu munosabat bilan Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev boshchiligidagi ishchi guruh Guliston tumanida bo‘lib, mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab ishchi guruh «Mustaqillik» mahallasida yashovchi yoshlar Sarvar Qo‘ldoshev va Kamoliddin Umirzoqov tomonidan amalga oshirilayotgan dehqonchilik loyihasini ko‘zdan kechirdi. Yoshlar 50 sotix yer maydonida qovun yetishtirib, mavsum yakunida qariyb 50 million so‘m daromad olgan. Suhbat davomida yer resurslaridan samarali foydalanish, yuqori daromadli ekinlarni yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda qishloq joylarda yoshlar bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Keyingi manzil «Do‘stlik» mahallasida faoliyat yuritayotgan «Action Study» o‘quv markazi bo‘ldi. 2021-yilda tashkil etilgan mazkur ta’lim muassasasida bugungi kunda 600 nafarga yaqin yosh xorijiy tillar, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha bilim olmoqda. Markaz rahbari Shuhratjon Sultonov bilan o‘tkazilgan muloqotda ta’lim sifati, yoshlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda xususiy ta’lim muassasalariga yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, «Ko‘mak» loyihasi doirasida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mazkur o‘quv markazga 130 million so‘m miqdorida 36 oy muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan foizsiz ssuda ajratilgan. Bu kabi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yosh tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholiga sifatli ta’lim xizmatlari ko‘lamini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Ishchi guruh Furqat mahallasida istiqomat qiluvchi yosh hunarmand Suhrob Mamatqulov faoliyati bilan ham tanishdi. U milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirgan holda qovoqdan turli suvenir va bezak buyumlari tayyorlab, ularni ichki bozorda sotish orqali daromad topmoqda. Shuningdek, to‘tiqush parvarishi va savdosi bilan ham shug‘ullanib, o‘z mehnati asosida barqaror tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Tashrif davomida yosh tadbirkor Bekzod Abdumo‘minov tomonidan tashkil etilgan zamonaviy chorvachilik fermasi ham ko‘zdan kechirildi. Fermada simmental zotli qoramollar parvarish qilinib, sutchilik yo‘nalishida samarali ish olib borilmoqda. Eng muhimi, mazkur loyiha mahallada 20 nafarga yaqin yoshning doimiy ish bilan ta’minlanishiga xizmat qilib, ularning daromad manbaini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.

Tashrif yakunida mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish, zamonaviy kasb-hunar va bilimlarni egallash uchun shart-sharoitlarni kengaytirish, shuningdek, har bir yoshning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan mas’ullar bilan atroflicha fikr almashildi.

Qayd etilganidek, bunday amaliy o‘rganishlar Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlarning muammo va ehtiyojlarini manzilli hal etish, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda mamlakatimizda yoshlar siyosati samaradorligini yanada yuksaltirishga zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri