Dolzarb mavzu
“...Yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatdan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. “Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi” deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”. Sh.M.Mirziyoyev
Bugun yoshlar tarbiyasi va ularni ilmli, omilkor farzand sifatida kamolga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bola tarbiyasi bilan kichik yoshidan boshlab shug‘ullanish masalasiga katta e’tibor qaratilib, respublika miqyosida barcha shart-sharoiti bor bog‘chalar tashkil etilishi, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida hamda oliy ta’limda amalga oshirilayotgan islohotlar – barchasi farzandlar tarbiyasi, ertangi kun uchundir.
Amalga oshirilgan islohotlar haqida uzoq gapirish shart emas, chunki ularning natijasini barcha ko‘rib turibdi. Lekin, bugun yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir etayotgan holatlar ham bor va bu borada ayrim mulohazalarni aytish o‘rinlidir.
Zero, donishmand bobomiz Yusuf Xos Hojib yomon, yomonlikni har kuni tahqirla, yaxshi, yaxshilikni har kun taqdirla, deb bejiz aytmagan.
Barchaga ma’lum, bugun axborot tayyorlash va tarqatishga monelik yo‘q. Har kim turli usulda axborot tayyorlashi va tarqatishi mumkin.
Faqat, axborot tayyorlash va tarqatishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonunlarimizga ko‘ra, har qanday shaxs inson huquqi va qadr-qimmatiga hurmat bilan qarashga burchli ekanligi doim yodimizda bo‘lmog‘i darkor.
Har qanday axborot tarqatuvchi tarqatayotgan ma’lumoti uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga olishi, shuningdek, ushbu materiali o‘qirman yoki ko‘rarmanga nima berishi yuzasidan o‘z vijdoni oldida javob berishi lozim.
Ommaga yetkazilayotgan axborotning sifati, nimaga qaratilgani, ya’ni, g‘oyasi uni tayyorlovchining bilimi, dunyoqarashi, intilishi va ma’naviyati bilan chambarchas bog‘liq ekanligi hech kimga sir emas.
Afsuslar bo‘lsinkim, bugun internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan xabarlarning barchasini ham insoniyat uchun ma’lum ma’noda kerakli yoki jamiyat hayoti uchun zarur yoki foydali, deya olmaymiz.
Aksincha, ayni paytda internet tarmoqlari orqali ko‘proq xiyonat, fahsh, jaholat haqidagi, hatto mazmunini tilga ham olib bo‘lmaydigan turli shov-shuvli xabarlar, ma’naviyatimizga butkul yot ma’lumotlar tarqatilmoqda. Hatto ayrimlar muomala madaniyatini butkul unutgan holda odob-axloq qoidalariga zid ravishda bir-birini ochiq haqoratlagan xolda chiqishlar qilmoqda-ki, bunga befarq, tomoshabin bo‘lib qarab turib bo‘lmaydi.
Tahliliy qaraganda, fahsh, zo‘ravonlik yoki ig‘vodan iborat ma’lumotni tarqatayotganlarning maqsadi bitta, u ham bo‘lsa “layk” yig‘ish, o‘quvchisini ko‘paytirish, moddiy manfaat ko‘rish. Tayyorlagan materialining ko‘pchilikka, ayniqsa, yoshlarga salbiy ta’sir etishi bilan ularning ishi yo‘q. Ular uchun kimningdir shaxsiy fojiasidan foydalanish uyat emas.
Ushbu axborot tarqatuvchilarda, “Bu tayyorlagan materialimdan odamlarga nima naf? Men o‘zi nimani targ‘ib qilayapman? Buni farzandim, ayolim yoki ota-onam ko‘rsa, nima deydi?”, degan o‘y bo‘lganida, qani edi?!...
Achinarlisi, ushbu tarqatilayotgan ma’lumotlarni barcha, shu jumladan, hali oq-qoraning farqiga bormaydigan farzandlarimiz ham ko‘rayotganida! Ularda, “shunday qilish mumkin ekan”, degan tushuncha shakllanayotganida va ularning asta-sekin azaliy qadriyatlarimizdan uzoqlashib borayotganida! Alal-oqibat ota-bola, ona-qiz, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetayotganida!
Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning bosh omili ham ana shunda. Ya’ni biz kattalar ularning tarbiyasiga be’etiborligimiz natijasi emasmi?
Zero, ming yilliklarga borib taqaluvchi, asrlar sinovidan, ota-bobolarimizdan o‘tib kelayotgan qadriyatlarimiz toptalishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. O‘zbekona muomala, andisha, hurmat, an’ana, bir so‘z bilan aytganda, o‘zligimizga, yoshlar tarbiyasi va ertangi kunimizga bunday munosabatda bo‘lishga xech kimning xaqqi yo‘q.
Kimdir, bunday salbiy ta’sir etuvchi ma’lumotlarni tarqatayotganlar emas, ko‘rayotganlar aybdor, ko‘rmasin, olam guliston, deyishi ham mumkin.
Psixologiyadan ma’lumki, taqiqning o‘zi qiziqishni keltirib chiqaradi. Shuning uchun “birgina ko‘rmanglar”, degan bilan masala hal bo‘lib qolmaydi. Yana, bugungi kunda aksariyat yoshlarimiz, hatto maktab o‘quvchisi ham internet tarmoqlarining faol foydalanuvchisi ekanligi ham hech kimga sir emas.
Ukalarimizdan biri oila, farzand tarbiyasi borasidagi suhbatimiz asnosida, o‘n to‘rt yoshga to‘lib-to‘lmagan o‘g‘li ochiq fahsh aks etgan videolavhani telefoniga (adashib) tashlab yuborganligini so‘zlay turib, ko‘ziga yosh olib, “bolam bu yoshda shu narsani ko‘rishi kerak emas edi, u ma’naviy jarohat oldi, buni endi qanday tuzatib bo‘ladi”, deb afsuslandi.
Darhaqiqat, yoshlarimizning ko‘ngil mulkiga, dunyoqarashiga salbiy jarohat yetkazishning, axborot texnologiyalari orqali tarqatilayotgan milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan turli-tuman hayosizlik, ig‘vo, jaholat, zo‘ravonlik kabi illatlarning singdirilishi va shu yo‘l bilan ularning ongi zaharlanishining oldini olish eng dolzarb masaladir.
Ayniqsa, ularni internet kanallari va televideniye orqali namoyish etilayotgan videomahsulotlarning salbiy ta’siridan asrash masalasi o‘ta muhimdir.
Zero, ko‘pgina xorij kinofilmlarida bizning asriy ma’naviyatimizga yot g‘oyalar, xususan, oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, er-xotin o‘rtasidagi bir-biriga hurmat, sadoqat o‘rniga bir-birini mensimaslik, hurmatsizlik va xiyonat salbiy yondoshilgan holatda emas, aksincha oddiy holat sifatida yoritilayotgani nafaqat yoshlar ayrim katta yoshlilar ongiga ham asta-sekinlik bilan ta’sir etishi tabiiy.
Shu o‘rinda, yoshlarni qo‘ya turaylik, salbiy targ‘ibotning katta yoshlilar ongiga ta’siri borasida ham hayotiy bir holatni keltirib o‘tish joiz.
“Ota” qisqa metrajli filmi ssenariysi ustida ishlash jarayonida rejissyor Dilmurod Masaidov o‘zi eshitgan, hayotda bo‘lgan bir voqeani gapirib bergan edi.
Tanishlaridan biri ishdan qaytib uyiga kirsa, turmush o‘rtog‘i namoyish etilayotgan chet el serialini berilib ko‘rayotgan ekan-ki, hatto turmush o‘rtog‘ining kirib kelganini ham sezmay qolibdi. Serialda eri bor ayol begona erkak bilan uchrashib turgan joyga ayolning eri kelayotgan sahnani ko‘rayotgan ayoli, filmdagi xiyonatkor ayolga qarata “Qoch, qoch tez, ering kelayapti”, debdi.
Buni eshitgan er xotinidan “Nega sen xiyonatkor ayol tarafini olyapsan?”, deb so‘ragan ekan...
Yana savol tug‘iladi, ajdodlarimiz avaylab ardoqlab kelgan qadriyatlarimiz – sharqona sharm-hayo, uyat, or-nomus degan tushunchalar ham bugun ayrimlarimizdan begonalashib borayotgani sabablari nima-da, yoshlarimiz “bunday madaniyatni” qayerdan o‘rganmoqda?
Albatta, ota-onasidan emas. Internet va ayrim teleyulduzlar ko‘rsatayotgan o‘rnakning natijasi bu, shunday emasmi?
Ommaviy axborot vositalarida berilgan nafaqat ma’lumot, oddiy bir sahna ko‘rinishi yoki aytaylik unda chiquvchining kiyinishi, o‘zini tutishi, nutqi boshqalar uchun o‘rnak manbai ekanligini unutmasligimiz keark. Internet va ommaviy axborot vositalari orqali ma’naviyatimizga qilinayotgan tajovuzlardan yoshlarni asrash juda dolzarblashdi.
Shuningdek, bugun kichik yoshli farzandu nabiralarimiz topag‘onlikka chorlovchi, guruh bo‘lib ishlashni o‘rgatadigan sizu biz o‘ynagan turli o‘yinlarni o‘ynab emas, balki televizor, planshetu smartfonlardagi o‘yinlarni ko‘rib katta bo‘layotgani, turli multfilm “qahramonlari”dan ulgi olayotganidan boxabar va ehtiyot bo‘lishimiz, to‘g‘rirog‘i ularni ehtiyot qilishimiz lozim.
Shuning uchun ham, har qanday film va boshqa kino mahsulotlari, hatto bolalar uchun tayyorlanib tarqatilayotgan internet o‘yinlari-yu, multiplikatsion filmlarni ham millat ma’naviyatiga qanday ta’sir etishi nuqtai nazaridan, unda nima targ‘ib qilinayotganidan kelib chiqib baholash va keng namoyish etishga ruxsat berish masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan ko‘rsatmalarga jiddiy e’tibor qaratish zarur.
Haqiqatdan ham, ta’lim va tarbiya masalasi o‘ta muhim. Ayniqsa, bugun axborot tarqatish chegara bilmas darajaga yetgan bir paytda, biz ushbu masalaga befarq qarasak, farzandlarimizning ta’lim va tarbiyasiga bee’tibor bo‘lsak, ular ma’naviyatida milliy qiyofani asrash choralarini ko‘rmasak, ertaga birgina “bu noto‘g‘ri, bu mumkin emas”, degan tushuntirishlarimiz misqolcha xam naf bermasligi aniq. Ma’naviy tarbiyaga salbiy ta’sir – bu ertangi kunimizga, millatimiz kelajagiga xiyonat deb baholanmog‘i joiz.
Bugun yoshlarimizni chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi qilib tarbiyalash muammosi oldimizda ko‘ndalang turgan bir paytda ularni internet tarmoqlarida tashviq etilayotgan yot g‘oya, urf-odat va an’analar hamda jaholat va fahsh namoyishining salbiy ta’siridan asrash mutafakkir bobomiz aytganidek rostdan-da “yo hayot – yo mamot” masalasidir.
Xolmo‘min YODGOROV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.
O‘zA