Yoshlar – taraqqiyotning yetakchi kuchi
Davlatimiz rahbari 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida yoshlar o‘rtasida bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘lishini ta’kidlab, bu borada aniq vazifalarni belgilab berdi.
Mazkur maqsadlar uchun 100 million dollar ajratilayotgani ham yoshlarning ertasi uchun bo‘lgan g‘amxo‘rlikdan dalolatdir. bugungi kunda Farg‘ona viloyatida mazkur yo‘nalishda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlar bilan ishlashning yangi tizimini joriy etish, xususan, «Yoshlar daftari»ga kiritilganlarning bandligini ta’minlash tizimli davom etmoqda. Hozirgacha xatlovda to‘ldirilgan 104 ming 153 nafar yoshlarning anketa so‘rovnomalari elektron platformasiga kiritildi. Ularni tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga o‘rgatish va qayta tayyorlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2 ming 968 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Shahar va tumanlarda 165 gektar yer maydonida 23 ta «Yoshlar kichik sanoat zonalari» tashkil etildi.
Qirguli qir-adirlari bilan tutashib ketgan Toshloq tumanidagi Besholish dahasi quruvchi yoshlar bilan gavjum. Bu yerda 5,5 gektar maydonda «Yoshlar kichik sanoat zonasi» tashkil etilmoqda.
Beton qorishtirayotgan, g‘isht terayotgan quruvchilar, yo‘lsozlar, qudratli texnikalar harakati bir zum to‘xtagani yo‘q. Bugun ushbu maskan manzarasi shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Bu yer 22 nafar yoshlarga ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun bo‘lib berildi. Bekzod Qodirov ana shunday shijoatli yoshlardan biri. Avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan tadbirkor mustaqil ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Uning taklifi tuman mutasaddilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, kichik sanoat zonasidan 10 sotix yer maydoni ajratib berildi.
– Ilgari bir qarich yer olish mushkul edi. Bo‘lar ekanku, – deydi «Behruzbek Osiyo taraqqiyoti» oilaviy korxona rahbari. – Bu yerda umumiy qiymati 2 milliard so‘m bo‘lgan loyihani amalga oshiryapmiz. Yangi tarmoq shu yilning 4-choragida ishga tushadi. 15 nafar yoshlar ish bilan ta’minlanadi, kuniga 5 tonnadan ortiq payvandlash uchun elektrodlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Kichik sanoat zonasida infratuzilma tarmoqlari qurilishiga alohida e’tibor qaratilayotgani istiqbolli loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, yangi mahsulot va ish o‘rinlari yaratishda qo‘l keladi.
– Har kuni quruvchi va loyiha tashabbuskorlari bilan muloqot qilib, muammolarni hamjihatlikda bartaraf etishga harakat qilyapmiz, – deydi Toshloq tumani investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ilhomjon Abdulazizov. – Shu kunga qadar 2 kilometrdan ortiq yuqori kuchlanishli elektr uzatmalari tortildi, yangi podstansiya o‘rnatildi. Yo‘l, tabiiy gaz, suv tarmoqlarini qurish ishlari yakunlandi.
Kichik sanoat zonasida tadbirkorlarga 10 sotixdan – 1 gektargacha yer maydoni ajratilgan. Qiymati 45 milliard 893 million so‘m bo‘lgan loyihalar doirasida qurilish, mebel, ip-kalava, plastmassa mahsulotlari, oziq-ovqat, mevani qayta ishlash singari o‘nlab korxonalar ishga tushadi, 634 ta ish o‘rni yaratiladi.
«Qanjirg‘a» mahalla fuqarolar yig‘inida olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari hududda yangidan-yangi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish binolari qad ko‘tarishga imkoniyat berdi. Yoshlar taraqqiyotning yetakchi kuchi sifatida bu ishlarga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA