Yoshlar tadbirkorligi istiqbollari
Poytaxtimizda “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” yosh tadbirkorlar biznes-forumining mamlakat bosqichi yakunlandi.
Poytaxtimizda “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” yosh tadbirkorlar biznes-forumining mamlakat bosqichi yakunlandi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, vazirliklar, idoralar va tijorat banklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.
Forumning yopilish marosimida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T.Norboyeva, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, rivojlanishning «o‘zbek modeli» asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sish ta’minlanayotganini ta’kidladi.
Barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlarimizda bugun hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayayotgan yoshlarning ham hissasi katta bo‘layotir.
– Yurtimizda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalariga zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi navoiylik Sardor Ne’matov. – Bu yo‘lda yosh tadbirkorlar uchun barcha sharoit yaratilayotgani bizni behad quvontirmoqda. Forumda innovatsion texnologiyalar asosida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga oid takliflarim bilan qatnashdim.
– Mamlakatimizda mulkdorlik kafolatlanib, tadbirkor va ishbilarmon yurtdoshlarimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi poytaxtlik Zarnigor Umarova. – Ushbu jarayonda yoshlarni yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishga, g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ruhlantirish muhim ahamiyatga ega. Forumda mutaxassislar tomonidan biznes reja tuzish, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, bu borada yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar yuzasidan keng tushuntirishlar berilgani biz uchun ayni muddao bo‘ldi.
Sho‘ba majlislarida yosh tadbirkorlarning g‘oya va tashabbuslari taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, turizmni rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoyalash, yoshlar tadbirkorligiga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarni yanada takomillashtirishga oid taklif va mulohazalar ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligining bugungi holati va istiqbollarini o‘zida mujassamlashtirgan istiqbolli takliflar tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga taqdim etiladi.
Muxtasar aytganda, ushbu biznes-forum yoshlar uchun o‘zaro fikr almashish, tajribasini yanada boyitish, biznes yuritishning yangi qirralarini ochish imkonini berdi.
Tadbirda faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.