Prezident bilan muloqotdan so‘ng...
O‘zini o‘zi maqtayotgan inson chetdan qaraganda juda g‘alati ko‘rinadi. Katta davrada o‘z bolasini ko‘klarga ko‘tarayotgan kimsaning gaplari ham durust emas. Kishining yutuqlarini boshqalar e’tirof etsa, bu boshqacha.
Endi esa maktabdagi majlisda farzandini tarbiyali va a’lochi deyishganiga boshi osmonga yetgan otaning holatini tasavvur qiling. Institutga o‘qishga kirgani uchun mahallasida e’tirof etilayotgan yigitchada katta-katta rejalar paydo bo‘lgani o‘zgacha hissiyot. Chin va o‘rnida qilingan rag‘bat yuksak maqsadlarga yetishda o‘ziga xos kuch bo‘ladi.
Yaqinda davlat rahbari shaxsan e’tirof etayotgan yoshlarning ko‘zlaridagi olovni ko‘rdik. Ulardagi g‘ayratni biz – atrofdagilar ham tuyganday bo‘ldik. Shu davrada bo‘lgan ota-onalarning farzandlaridan g‘ururlanib, ko‘zlariga yosh olganiga guvohmiz.
Ko‘ksaroy qarorgohida 14 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda tashabbuskor va iqtidorli yigit-qizlarning ota-onalari ham ishtirok etdi. Ularning ba’zilari bilan suhbatlashdik.

– Yig‘ilishda o‘g‘lim Parviz Tuksanovning xalqaro “SAT” imtihonida rekord natija qayd etgani alohida ta’kidlandi, – deydi Feruza Nuriddinova. – Davlatimiz rahbari menga qarab, shunday farzandni voyaga yetkazganingiz uchun sizdan minnatdormiz dedi. Ona uchun bolasining ortidan mana shunday e’tirof eshitishdan ortiq baxt bormi? Bu uchrashuv butun mamlakatimiz yoshlari va ota-onalar uchun tarixiy kun bo‘ldi. Oilamizda bolalar ta’lim-tarbiyasiga yo‘naltirgan investitsiyamiz samara bera boshladi. Bugun mamlakatimizda ertamiz egalari kamoloti uchun sarflanayotgan mablag‘lar, alohida g‘amxo‘rlik ko‘p o‘tmay katta-katta natijalarini ko‘rsatadi. Uchrashuvda o‘g‘il-qizlarimiz uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlarni eshitib, o‘zimning ham yosh bo‘lib qolgim keldi. Birgina misol, oliy ta’limni tamomlagan yoshlarni ish bilan ta’minlashda ko‘pincha masala bo‘lgan. Bu muammoga bitiruvchi paytimda o‘zim ham duch kelganman. Yig‘ilishda oliygohni tamomlayotganlar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilayotgani aytildi. Mas’ul vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda bitiruvchilarning tashabbuslari loyihaga aylantiriladi. Buning uchun tegishli mablag‘ ham ajratilar ekan.
Darhaqiqat, yig‘ilishda hozirgi vaqtda dunyodagi “TOP” oliygohlarda 1 ming 500 nafardan ziyod talabalarimiz tahsil olayotgani qayd etildi. Tan olish kerak, bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik.
– Garvard universiteti talabasi, «Ibrat debat» loyihasi rahbari Azizbek Zaylobiddinovning onasiman, – deydi Malika Rashiddinova. – Prezident yig‘ilishda yoshlarga ularning Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yuvchi kuch ekanliklarini yana bir bor eslatdi. Bu iqtidorli, mamlakat rahbari ishonayotgan o‘g‘il-qizlar orasida mening ham farzandim borligidan g‘ururlandim. Qalbim hayajonga to‘ldi. Bu tuyg‘u hali meni tark etgani yo‘q. Yoshlarga bo‘layotgan bunday g‘amxo‘rlik va munosabat mamlakatimizda ta’lim-tarbiya jarayoniga bo‘layotgan e’tiborning yorqin belgisi. Ta’limga e’tibor esa mamlakat istiqboliga daxldor masala sanaladi. O‘g‘lim kelgusida rivojlangan davlatlarning ta’limi va tajribasini yaxshi o‘zlashtirib, yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonaman.
Shu o‘rinda bir ma’lumot, ilgari oliy ta’limda bir o‘rin uchun kamida o‘n nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni uch barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi.
Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba-qizlar soni o‘n bir karra ko‘paydi.
Prezident yig‘ilishda bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz, dedi. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlar yanada jadal davom ettirilishi alohida qayd etildi.

– Qizim Nurzida Isayeva san’atni yaxshi ko‘radi, qo‘shiq ijro qiladi, – deydi Saltanat Mo‘minova. – Bolam hali yosh, lekin uni ko‘pchilik kuylagan qo‘shiqlari orqali taniydi. Prezidentimiz ham qizimga men sizni bilaman dedilar. Bu farzandimga qanchalar quvonch bag‘ishlaganini tasavvur qila olmaysiz. Sizlarning timsolingizda Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlarini ko‘ryapman dedilar. Yoshlarni xalqimizning oltin fondiga qiyosladilar. Prezident shu yoshlarga, mard va matonatli xalqimizga ishongani uchun katta-katta maqsadlar yo‘lidan dadil borayotganini aytdilar. Uchrashuv yoshlarga katta imkoniyatlar va o‘ziga xos ilhom bergan kun bo‘ldi. Shu o‘rinda ota-onalarga farzandingizga siz ham ishonch bildiring, vaqt ajrating, ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qiling, degim kelyapti. Prezidentimizning yoshlar masalasida olib borayotgan oqilona siyosatiga biz kattalar kamarbasta bo‘lishimiz kerak.
Prezident uchrashuv so‘ngida yoshlar bilan maslahat va muloqotni o‘z faoliyatida asosiy mezonlardan biri, deb bilishini alohida ta’kidladi. O‘g‘il-qizlarni Vatanimizni har tomonlama rivojlangan, go‘zal va farovon mamlakatga, Uchinchi Renessans diyoriga aylantirishda oldingi saflarda bo‘lishga chorladi. Yoshlarning bu chaqiriqqa labbay deb javob bergani esa ularning yuz-ko‘zlaridan, fikrlaridan yaqqol ko‘rinib turibdi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri