Yoshlar shaxmat bo‘yicha o‘zaro bahslashdi
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat kengashi tashabbusi bilan Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yosh harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Yurtimizda boshqa sport turlari qatorida shaxmatni ham aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual va madaniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda 2021 yil 14 yanvarda qabul qilingan “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

Viloyat Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar, Bojxona boshqarmalari, harbiy qismlardan 50 nafar yosh harbiy xizmatchi va xodimlar ishtirok etgan musobaqada 1-o‘rinni Ichki ishlar boshqarmasi xodimi Baxtiyor Sultonov, 2- va 3-o‘rinni Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari Sharif Hamrayev hamda Komil Karimov qo‘lga kiritishdi.

G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat kengashi tomonidan taqdirlandi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri