Yoshlar sayli taassurotlarga boy bo‘ldi
Yuqori Chirchiq tumani “Guliston” mahalla fuqarolari yig‘ini hududida joylashgan "Millatlar do‘stligi" madaniyat saroyida "Xush kelding bahor!" shiori ostida "Sumalak sayli" o‘tkazildi.
Bayram dasturlari doirasida kun davomida bahoriy milliy taomlar tayyorlash, varrak sayli sport musobaqalari, kitobxonlik va intellektual o‘yinlar, harbiy texnikalar ko‘rgazmalari va bir qator ko‘ngilochar bayram dasturlari o‘tkazildi.

– Hududimizda yoshlar 545 ta, shundan ishsiz yoshlar 12 tani tashkil etadi, – dedi “Guliston” mahallasi yoshlar yetakchisi Baxtiyor Dostov. – Ularning 6 nafariga tikuv mashinasini subsidiya asosida olib berdik. Shuningdek, 7 nafar yoshlarga harbiy xizmat shartnomasining to‘lovi to‘lab berildi. bugungi saylda ham ular faol qatnashyapti. Xususan, turli ijtimoiy loyihalarda aynan ularning sa’y-harakatlari bilan ko‘plab natijalarga erishyapmiz.

Tadbir doirasida tuman hokimi Uskenboy Atemov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov hamda faollar va yoshlar ishtirokida “Har bir yoshga bir nihol” aksiyasiga doirasida turli navdagi daraxt ko‘chatlari ekildi.
Viloyatning boshqa hududlarida ham bu kabi ommaviy tadbirlar davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.