Yoshlar sayilgohi barpo etildi
Farg‘ona shahrining Kashtanzor ko‘chasida Yoshlar sayilgohi tashkil etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Sayilgoh “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan loyiha orqali ajratilgan 1,32 milliard so‘m mablag‘, shuningdek, 500 million so‘m homiylik mablag‘lari hisobiga barpo etildi.


Sayilgohda gullar bilan bezalgan arkalar, tungi yoritish chiroqlari mavjud bo‘lib, yoshlar uchun kafe, kinoteatr, restoran hamda “book-cafe”lar, shaxmat, stol tennisi, PlayStation o‘yinlari hamda karaoke hududlari, fotozonalar tashkil etildi.


Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov sayilgohda yoshlar bilan suhbatlashdi, yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yosh tadbirkorlar bilan muloqot qilib, ularning loyihalari bilan tanishdi. Viloyat rahbari, shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 17 nafar yoshga subsidiya asosida pishiriq pechlari, tikuv mashinalari, sartaroshlik mebellari kabi mehnat qurollarini topshirdi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri