Yoshlar sanoat zonalari faoliyati o‘rganiladi
Nurafshon shahrida Toshkent viloyat hokimi Z.Mirzayev, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Xususan, viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Sultanbekov axborotiga asosan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bajarilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Bekobod, Nurafshon, Chirchiq. Olmaliq, Ohangaron, Yangiyo‘l shaharlari hamda Chinoz, Quyi Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlaridagi Yoshlar sanoat zonalarining infratuzilmasi bilan ta’minlanganlik holatlari o‘rganildi.

Bo‘sh yer maydonlarini elektron savdoga chiqarish bilan bog‘liq muammolar hamda loyiha tashabbuskorlari tomonidan olib borilayotgan majburiyatlar bajarilmayotgani ta’kidlandi. Bu borada viloyat hokimi tomonidan Ishchi guruh tuzgan holda, sanoat hududlarini xatlovdan o‘tkazish va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha muddatlar belgilandi.


Shuningdek, Xalq qabulxonalari tomonidan aholi murojaatlarini tezkorlik bilan hal qilishda viloyat, tuman-shaharlar hokimliklari va tashkilotlar tomonidan bajarilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Tuman-shahar sektor rahbarlari tomonidan joylarga chiqqan holda ommaviy qabullar o‘tkazilishi belgilangan jadval asosida to‘liq bajarilmayotgani uchun mas’ullar ogohlantirildi.
A.Musayev, O‘zA.