Yoshlar parlamenti sayloviga hozirlik
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Siyosiy partiyalar tomonidan Yoshlar parlamenti saylovi uchun munosib nomzodlarni saralab olish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashida Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” a’zoligiga nomzodlarni saralashning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda hududiy bosqichlardan o‘tgan nomzodlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalari, siyosiy-huquqiy jarayonlardagi faolligi, tashabbuskorligi sinovdan o‘tkazildi.


Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tomonidan ham Yoshlar parlamentiga saralash bosqichi tashkil etildi. Unda poytaxtimizning faol, tashabbuskor va ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yoshlari ishtirok etdi.

Saralash bosqichi davomida nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar Yoshlar parlamenti saylovini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom talablari asosida ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ishtirokchilarning siyosiy savodxonligi, nutq madaniyati, jamoatchilik bilan ishlash ko‘nikmalari hamda kelajakdagi rejalariga alohida e’tibor qaratildi. Jarayonda yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi.
M.Komilova, O‘zA