Yoshlar o‘zlari tanlagan munosib nomzodga ovoz beradi
Parkent tumanidagi «Yoshlar bog‘ida» O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida «Yoshlarning siyosiy bilimi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish» mavzusida aksiya o‘tkazildi.
Tadbir doirasida barcha tuman-shaharlardan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yigit-qizlarning o‘z mehnatlari mahsuli bo‘lgan hunarmandchilik namunalari, ishlab chiqarish va dehqonchilik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
Unda viloyatdagi yoshlar tashkilotlarining ko‘plab vakillari va faollari, Yoshlar ittifoqining ta’lim muassasalari, korxona-tashkilotlaridagi yetakchilari, «Kelajak liderlari» klubi a’zolari hamda iqtidorli 2 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Joriy yil viloyatda Prezident saylovida yoshlar faolligi o‘tgan saylovlardagidan ko‘ra yanada salmoqliroq bo‘lishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 18-30 yoshdagi saylovchilar qariyb 33 foizni tashkil etmoqda. Joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 880 ming 155 nafar yoshlar birinchi marotaba ishtirok etadi. Hududda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida bo‘lib o‘tayotgan mazkur tadbirda «O‘z kelajagimni o‘zim belgilayman, Sizchi?» shiori ostida insholar tanlovi, «Munozara» intellektual bellashuvi, yutuqli viktorina, yoshlarning huquqiy savodxonligini aniqlashga qaratilgan «Siz qonunni bilasizmi?» televizion o‘yini o‘tkazildi. #Kelajaging_uchun_ovoz_ber, #Saylov_Imkoniyat_va_masuliyat, #Men_saylash_huquqiga_egaman xeshteglari ostida ijtimoiy-targ‘ibot foto burchagi ham tashkil etildi.

Shuningdek, «Saylov – 2021: Kelajak xalq tanloviga bog‘liq!» mavzusida maqolalar ko‘rigi hamda «Men ham saylovda faol ishtirok etaman» tanlovi, «Yangi O‘zbekiston saylovlari yoshlar nigohida» ilmiy-amaliy xalqaro konferensiyaning taqdimoti o‘tkazildi.
– Mamlakatimizda o‘tkaziladigan Prezident saylovida Toshkent viloyati yoshlari ham faol qatnashadi, – deydi Toshkent viloyati «Kelajak liderlari klubi» a’zosi Malika Nazarova. – bugungi aksiya bunga misoldir. Bu yerda minglab yoshlar yig‘ilgan. Ularning ijtimoiy faolligini ko‘rib xursand bo‘ldik. Xususan, bizning Yangiyo‘l shahridagi saylovchilarning 35 foizi yoshlardir. Toshkent viloyati «Kelajak liderlari» klubi a’zosi sifatida shuni aytamanki, mazkur siyosiy jarayonda yangiyo‘llik yoshlar ham alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlari tanlagan munosib nomzodga ovoz beradi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov ishtirok etib, yoshlar bilan fikr almashdi, ularning rejalari, tashabbus va takliflarini tingladi.
A.Musayev, O‘zA