Dono xalqimiz bir kun janjal bo‘lgan uyda qirq kun baraka bo‘lmaydi, deb bejiz aytmagan. Haqiqatan, osoyishtalik bor joyda baraka, ishda unum bo‘ladi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash masalasi ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birga mahalliy hokimlik va boshqa mutasaddi idoralar zimmasiga muhim vazifalar yuklangan. Ular buni bajarish bo‘yicha turli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shunga qaramay jinoyatlar uchrayotgani, jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani afsuslanarli.
Buni Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 iyul kuni Farg‘onada huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida qayd etdi.
Sodir etilayotgan jinoyatlarning 32 foizi o‘g‘rilik va firibgarlik hisoblanadi. Ushbu toifadagi jinoyatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida qayd qilingan.
Voyaga yetmaganlar ichida o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlar ham borligi, bu borada viloyatda ham, respublikada ham eng yomon ahvol Qo‘qon shahrida ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyatda voyaga yetmaganlar sodir etgan og‘ir jinoyatlarning 20 foizi va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 43 foizi aynan Qo‘qon shahriga to‘g‘ri kelgan. Jinoyatga qo‘l urganlar orasida 47 nafar maktab va 18 nafar kollej o‘quvchisi borligi barchamizni birdek tashvishga solmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jinoyatni aniqlash, uning negizini topish, huquqbuzarliklarning oldini olish, uni jilovlash mutasaddilarning eng asosiy vazifasidir.
Jinoyatchiga jazo berishdan ko‘ra, uning oldini olish afzal. Bu yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirish lozim. Jinoyatchilikka qarshi kurash nafaqat huquq-tartibot organlarining, balki barchamizning faoliyatimiz mezoni bo‘lishi kerak.
Farzand niholga o‘xshaydi. Uni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda, albatta, oila, mahalla, ta’lim tashkiloti va jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. Zero, o‘zi, oilasi, xalqi, ma’naviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lgan bola jinoyat ko‘chasiga qadam bosmaydi.
Hozirgi kunda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish borasida bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish darkor.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro samarali hamkorligini tashkil etish bilan bog‘liq aniq vazifalar belgilangan.
Ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy yoshlar tarbiyasini “hayot - mamot masalasi”, deb ta’riflagan. Zero, tarbiyasi mo‘rt yoshlardan jamiyat, mahalla yoki oila uchun hech qanday naf bo‘lmaydi. Yoshlarning jinoyatga qo‘l urishi tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xato yoki befarqlikning achchiq in’ikosidir.
Kelajagimiz yoshlarning qo‘lida ekanligini unutmagan holda ular tomonidan jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, ezgu va bunyodkorlik tashabbuslari chiqishini, shunday ishlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun barchamiz birdek harakatda bo‘lmog‘imizi shart.
Dilnoza Xo‘jayeva,
Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori.
O‘zA