Yoshlar murojaatlari atroflicha o‘rganildi
Toshkent shahridagi “Kitob olami” majmuasida Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
“Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, kredit olish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar hamda takliflar bildirildi.


Qabul jarayonida har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi, ayrim masalalar esa joyida hal etildi.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultonova boshchiligida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi akademik litseyda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlar akademik litsey talabalari tomonidan chizilgan san’at namunalari bilan yaqindan tanishib chiqdi.


Suhbat jarayonida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, fikr va takliflarini bildirishdi. Uchrashuv ochiq muloqot ruhida, do‘stona va ilhombaxsh muhitda o‘tdi.
Shahnoza Sultonova zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish va jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shish borasida yoshlar bilan suhbatlashdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA