Bundan olti yil muqaddam – 2018 yil iyun oyidan boshlab yurtimizda “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturini amalga oshirishga kirishilgan.
Yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun imkoniyatlar yaratish, davlat tomonidan imtiyoz va yengilliklar berish, umuman, yoshlar hayoti bilan bog‘liq barcha masalalar dasturda o‘z aksini topgan. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi va sarflash materiallarini ijaraga berish, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga ko‘mak berish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari, savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun mehnat kuchi ko‘p bo‘lgan tumanlarda “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish belgilangandi.

Shu asosida Samarqand viloyatida 250 ta kovorking-markazi va yoshlar mehnat guzari tashkil etish bo‘yicha tuman va shahar hokimlarining qarorlari chiqarilgan bo‘lib, buning uchun binolar, yer maydonlari ajratildi.
Misol uchun, Urgut tumani O‘ramas mahallasida ajratilgan 10 sotix yerda tadbirkor Ismoilxon Rahmatov tomonidan “Yoshlar mehnat guzari” tashkil etildi. Ikki qavatli ushbu binoda savdo do‘konlari, qandolatchilik va tikuvchilik sexlari hamda o‘quv markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Bu yerda 50 nafardan ziyod yosh ishga jalb qilingan. Ishtixon tumani Mohipar mahallasida 8 sotix maydonda Ozodjon Shodiyorov tomonidan qurilgan “Yoshlar mehnat guzari” savdo do‘koni, novvoyxona, qandolat sexidan iborat. Bu yerda besh nafar yoshning bandligi ta’minlangan.

Ammo berilgan imkoniyatdan hamma joyda ham samarali foydalanmoqda, desak xato bo‘ladi. Shu yilning 23 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida yoshlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masalaga ham e’tibor qaratilib, holat tanqidiy tahlil qilingan, ayrim hududlarda mas’ul xodimlar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli bajarmayotganligi ko‘rsatib o‘tilgandi.
Samarqand viloyati hokimligida ham kovorking markazlari va yoshlar mehnat guzarlari tashkil etilishi holati tahlil etilganda, joylarda ko‘plab muammolar borligi ayon bo‘ldi. O‘sha muhokama chog‘ida viloyatdagi 250 ta ob’ektdan 100 ga yaqinigina faoliyat ko‘rsatayotgani, qolgan markaz va guzarlar bilan bog‘liq turli muammolar borligi, hatto, ayrimlarida qurilish ishlari ham boshlanmagani qayd etildi.

–Muhokamadan so‘ng barcha tuman va shaharlardagi kovorking-markazlari va yoshlar mehnat guzarlari o‘rganilib, mavjud holat chuqur tahlil etildi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev. – Tuman, shahar hokimlari, yoshlar ishlari agentligi hududiy bo‘limlari, tashabbuskorlar va boshqa mas’ullar bilan birga har bir ob’ektda o‘rganish ishlari olib borildi. Ajratilgan bino va yerdan samarali foydalanmagan, zimmasiga olgan majburiyatini bajarmagan shaxslar bilan shartnomalar bekor qilindi, bino va yer maydonlari belgilangan tartibda olib qo‘yildi. Jumladan, 16 ob’ekt bo‘yicha yer maydonlari tuman hokimlarining qarorlari bilan, 14 ob’ekt bo‘yicha esa sud qarorlari bilan yerlar zaxiraga qaytarildi. Ayni paytda 57 ta markaz qurish uchun ajratilgan yer maydonlarini hokimliklar zaxirasiga qaytarish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilgan. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 141 ta markaz va yoshlar mehnat guzari ishlab turibdi. Ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi, ko‘proq yoshlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, bandligini ta’minlashga erishish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatning Urgut tumanida 6 ta, Toyloqda 4 ta, Bulung‘urda 3 ta, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Samarqand tumanlarida 2 tadan, Kattaqo‘rg‘on shahrida 1 ta yoshlar mehnat guzarida qurilish ishlari yakuniga yetmagan.
Yerlarni zaxiraga qaytarish bo‘yicha hokimliklar tomonidan sudga da’vo arizalari kiritilgan holatlar Urgut va Oqdaryo tumanlarida 9 tadan, Ishtixonda 8 ta, Bulung‘ur va Jomboyda 6 tadan, Pastdarg‘omda 5 ta, Payariq va Toyloqda 4 tadan, Samarqand tumani va Samarqand shahrida 2 tadan, Kattaqo‘rg‘on shahri va Nurobod tumanida 1 tadan to‘g‘ri kelmoqda. Shuni ham ta’kidlash kerak, 7 holatda yoshlar mehnat guzari uchun ajratilgan yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, hatto boshqa birovga sotib yuborish ham uchragan.
Albatta, bu kabi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, qonun ustuvorligi ta’minlangan.Masalan, Bulung‘ur tumani hokimining 2018 6 avgustdagi qarori bilan Yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisiga o‘rmon xo‘jaligidan 70 sotix yer maydoni ajratib berilib, yoshlar mehnat guzari qurilgan. Ob’ekt foydalanishga topshirilgandan so‘ng, 2022 yil 30 martdagi notarial shartnomaga asosan boshqa fuqaroga o‘tkazib yuborilgan.
Bulung‘ur tumani hokimi o‘rinbosari A.Bo‘riboyevning ma’lum qilishicha, mazkur holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilib, vaziyatga huquqiy baho berilgan. Mazkur inshoot boshqa fuqaroga berilgan bo‘lsa-da, faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirmagan, bu yerda yoshlar mehnat qilmoqda.
Yoshlarning buguni va ertasi uchun davlat, davlat rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor, qabul qilinayotgan va hayotga tatbiq etilayotgan dasturlarning qiyosi yo‘q. Buni hammamiz ko‘rib turibmiz, yoshlar o‘z hayotida his qilmoqda. Ammo shu jarayonda ham shaxsiy manfaatini boshqalar manfaatidan ustun qo‘yayotgan kimsalar, o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgan mutasaddilarning borligi kishini o‘ylantiradi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri