Yoshlar kunida Senatda faol yoshlar bilan muloqot tashkil etildi
Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan ochiq muloqotida mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik va idoralarda “Yoshlar kuni” sifatida o‘tkazilishi belgilandi.
Senatda shu munosabat bilan har hafta Yoshlar kuni o‘tkazilib, unda yoshlar bilan turli mavzularda muloqotlar tashkil etilmoqda.

Navbatdagi muloqot O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy kengashi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetining bir guruh yoshlari bilan o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida davlatimiz rahbarining yoshlarga qaratayotgan doimiy e’tibori ularning ertangi kunga ishonchini, o‘z kuch va imkoniyatlariga bo‘lgan qat’iyatini yanada mustahkamlayotgani alohida ta’kidlandi.

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova ishtirokchilarga yuqori palataning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki, parlament nazoratini amalga oshirish hamda parlament diplomatiyasini rivojlantirish borasidagi vazifalari yuzasidan ma’lumot berdi. Shuningdek, davlat boshqaruvi tizimida Senatning o‘rni va ahamiyati alohida ta’kidlab o‘tildi.
Yoshlarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qonunchilik jarayonlariga kengroq jalb etish hamda qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, davlat boshqaruvi tizimida yoshlarning ishtiroki, parlament faoliyatining ochiqligi va shaffofligi masalalari yuzasidan fikrlarini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA