Yoshlar kiberxavfsizligi va giyohvandlikka qarshi kurash — dolzarb vazifa
Bugungi raqamli davrda yoshlarni internet makonidagi turli tahdidlar, kiberjinoyatlar va giyohvandlik kabi zararli illatlardan himoya qilish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yosh avlodning bilimli, huquqiy madaniyati yuksak, axborot xurujlariga nisbatan hushyor va sog‘lom turmush tarziga sodiq bo‘lib voyaga yetishi jamiyat kelajagini belgilaydigan muhim omillardandir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash hamda jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda yoshlarni raqamli makondagi xavf-xatarlardan ogoh etish, ularda kiberxavfsizlik ko‘nikmalarini shakllantirish ham profilaktik ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan boshqarmaga biriktirilgan Buxoro shahridagi 30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Raqamli suverenitet va milliy kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda yoshlarni giyohvandlik moddalarining salbiy ta’siridan asrash” mavzusida rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari O. Kodirov so‘zga chiqib, raqamli texnologiyalar imkoniyatlari kengayib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarning axborot xavfsizligini ta’minlash, ularni kiberjinoyatlardan ogoh etish va giyohvandlikning ayanchli oqibatlaridan himoya qilish muhim vazifa ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, internet bugun bilim olish, muloqot qilish va yangi imkoniyatlarga ega bo‘lish uchun keng yo‘l ochmoqda. Biroq shaxsiy ma’lumotlarning tarqalib ketishi, soxta havolalar, firibgarlik sxemalari va shubhali takliflardan kelib chiqadigan xavflar ham yo‘q emas. Ayniqsa, raqamli xavfsizlik qoidalarini yetarlicha bilmagan yoshlar bunday tahdidlarga osonroq duch kelishi mumkin. Shu bois ularga xavfni oldindan anglash va to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rgatish dolzarb ahamiyatga ega.

Uchrashuv davomida Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mas’ul xodimlari o‘quvchilarga kiberfiribgarlikning keng tarqalgan usullari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, internetdagi shubhali takliflarni farqlash va raqamli makonda hushyor bo‘lish yuzasidan tushunchalar berdilar. Amaliy misollar orqali har qanday xabar yoki havolaga ishonishdan oldin uning ishonchliligini tekshirish, shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga oshkor etmaslik va xavfli holatlarga duch kelganda tegishli idoralarga murojaat qilish zarurligi tushuntirildi.
Tadbirning yana bir muhim yo‘nalishi yoshlarni giyohvandlik vositalaridan asrash, ularning inson salomatligi, kelajagi va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirini ochib berishga qaratildi. Bu borada profilaktik suhbatlar bilan bir qatorda, giyohvandlikka qarshi kurashishda bojxona organlari faoliyatining ahamiyati ham yoritildi.
Bojxona organlari kinologiya xizmati xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarini aniqlashga ixtisoslashtirilgan xizmat itlari ishtirokida ko‘rgazmali chiqish namoyish etildi. Bu o‘quvchilarga kinologlar faoliyati, xizmat itlarining maxsus tayyorgarligi va giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Uchrashuvning ahamiyati shundaki, unda yoshlarga faqat mavjud xavflar haqida ma’lumot berish bilan cheklanilmadi, balki ularning turli tahdidlarni anglashlari, o‘z xavfsizligi uchun mas’uliyatni his etishlari va zararli illatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishlariga e’tibor qaratildi.
Zero, raqamli xavfsizlik madaniyati va sog‘lom turmush tarziga sodiqlik yoshlarning shaxsiy himoyasi bilangina cheklanmaydi. Bu oila osoyishtaligi, jamiyat barqarorligi va mamlakat kelajagi uchun ham muhimdir. Bunday uchrashuvlar esa yoshlarning huquqiy bilimini oshirish, hayotiy ko‘nikmalarini mustahkamlash va ularni turli xavf-xatarlarga nisbatan ogoh bo‘lishlariga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri