Yoshlar ittifoqi yoshlar tayanchi
Sarhisob
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat Kengashining 437 ta boshlang‘ich tashkiloti yoshlarni o‘z atrofiga birlashtirgan. Boshlang‘ich tashkilotlarda 37 nafar yetakchi, 11507 nafar sardor hamda 794 nafar koordinator mavjud.
– Yakunlangan yilda oliy va professional ta’lim muassasalari hamda korxona va tashkilotlardagi boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan 500 dan ziyod turli loyiha, tadbir va sport musobaqalari tashkil etilib, ularda 200 ming nafarga yaqin yosh qamrab olindi, – deydi Yoshlar ittifoqining viloyat Kengashi raisi Jonibek Jumayev. – Jumladan, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talabalar ligasi” shaxmat musobaqasi, yoshlar faolligini oshirish maqsadida “Talabalar teatr studiyalari”, “Talant shou” loyihalari, bundan tashqari “Talabalar haftaligi”, “Rahbar va yoshlar”, “Tabiat uchun g‘amxo‘rmiz”, “Kitobxon talaba”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Yetakchining bir kuni”, “Zakovat” intellektual o‘yini, tarixiy shaharlarga sayohat kabi tadbirlarda yoshlarimiz faol ishtirok etishib, tajriba almashishdi, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
O‘tgan davr mobaynida umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan ham o‘quvchilarning tashkilotchilik qobiliyatini shakllantirish, ularning faolligini oshirish maqsadida 350 ga yaqin loyiha amalga oshirildi va ularga 20 ming nafar yosh jalb etildi.
– O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan eng muhim tadbirlarimizdan biri “Yozni Kamalak bilan! loyihasi bo‘ldi, – deydi viloyat Sardorlar Kengashi a’zosi Nargiza Shavkatova. – Loyiha doirasida tashkil etilgan “Quvnoq avtobus”ning birinchi manzili Konimex tumani Navro‘z mahallasi bo‘ldi. Unda mahalladagi bolajonlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari, qiziqarli o‘yinlar va shaxmat musobaqalari o‘tkazildi. Navbahor tumani “Beshrabot”, Konimex tumanidagi “Sho‘rtepa”, Navoiy shahridagi “Janubiy”, “Turon”, Karmana tumanidagi “Do‘rman”, “Qahramon” MFYlar hamda “Oftobjon”, “Shabada” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida ham loyiha doirasida qiziqarli tadbirlar tashkil etildi.
[gallery-15472]
Yoshlarni harbiy-vatanparvalik ruhida tarbiyalash maqsadida “Vatanparvarlik karvoni” loyihasi, uyushmagan yoshlar bilan “Jasorat maktabi” harbiy -vatanparvarlik o‘quv yig‘inlari tashkil etildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbiri