
Ma’lumki, “Yoshlar daftari” — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar uchun 25 ga yaqin imtiyozlar mavjud. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, har bir imtiyoz bo‘yicha fuqaroga beriladigan yordam haqida, tasdiqlangani to‘g‘risida alohida sms xabarnomalar yuboriladi. Bu xabarnoma tizimi shaffoflikni ta’minlash uchun kerak.

Yoshlar daftar tizimi yaratilgandan buyon bu tizimga 1,1 mln ortiq yoshlar kiritilgan. Ularga yordam ko‘rsatish uchun jamg‘armalardan 1 trln 270 mlrd so‘m miqdordagi mablag‘lar ajratilgan. “Yoshlar daftari”ga 14 yoshdagi va 30 yoshdan oshmagan yosh fuqarolar kiritiladi. Bazaga kiritishda alohida ishlab chiqilgan toifalar bor. Bular, ishsiz , nogironligi bor, profilaktik nazoratda turuvchi , kasb-hunar va ilm o‘rganishga ishtiyoqi yuqori bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan , mehribonlik uylarida tarbiyalangan, tibbiy, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlardir. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, “Yoshlar daftari”ga qanday kiriladi?

“Yoshlar daftari”ga ro‘yxatdan o‘tish uchun 3 ta yo‘nalishda ariza berish mumkin. Birinchi yo‘li — mahallalardagi yoshlar yetakchilariga bog‘lanib, ariza qoldiradi. Ikkinchi yo‘l — yoshlardaftari.uz sayti orqali ariza berish. Uchinchi yo‘l — 1093 qisqa raqami orqali ariza qoldirish mumkin. Bu arizalarni mahalladagi yoshlar yetakchilari 5 ish kuni ichida o‘rganib, tavsiya berishi yo rad etishi kerak bo‘ladi.
Bugungi kunda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarimiz uchun berilgan 25 ga yaqin imtiyozlar ichida bir martalik moddiy yordam belgilangan. Jumladan, moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga BHMning 4 baravarigacha (1 mln 380 ming so‘mgacha) moddiy yordam beriladi. Moddiy yordam olish uchun mahalladagi yoshlar yetakchisiga ariza beriladi. Yoshlar yetakchisi 3 ish kunida ariza bergan shaxsning ijtimoiy holatini o‘rganadi hamda moddiy yordam berish yoki rad etish to‘g‘risida Vasiylik kengashiga (tuman (shahar) yoshlar ishlari bo‘limi) xabar beradi.
Moddiy yordam “Xalq banki” orqali naqd yoki plastik kartaga tushirib beriladi. Bir martalik moddiy yordam olish yoshlarni “Yoshlar daftari”dan chiqarishga asos bo‘lmaydi. Moddiy yordam bir yilda bir marotaba beriladi.
Imtiyozlardan yana biri, yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qish xarajatlari qoplab beriladi. Xususan, yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qish xarajatlarining 75 foizigacha qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida to‘lab beriladi. Buning uchun tadbirkorlik yoki kasb-hunarga o‘qishni istagan yoshlar tuman (shahar) Yoshlar ishlari bo‘limiga ariza hamda o‘quv kursi shartnomasi nusxasini beradi. Shartnomada ta’lim tashkiloti nomi, STIR, o‘quv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik to‘lov miqdori va umumiy muddat ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi va hokim yordamchisi 5 ish kunida o‘qish xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida yoshlar ishlari bo‘limini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi shart.

Hokim yordamchisi arizani 5 ish kunida ko‘rib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi (yoshlar ishlari bo‘limi) o‘z tashabbusi bilan kontrakt pulini o‘tkazib berishi mumkin. O‘qish xarajatlarning 75 foizigacha qismi, biroq quyidagi miqdorlardan ko‘p bo‘lmagan holda to‘lab beriladi. Bir oygacha bo‘lgan kurslar uchun – BHM ning 4 baravarigacha; – bir oydan 2 oygacha bo‘lgan kurslar uchun – BHMning 8 baravarigacha; – ikki oydan ko‘p muddatli kurslari uchun – BHMning 12 baravarigacha.
Hokim yordamchisi yoshlarning haqiqatda o‘qiyotganligini har oyda kamida bir marta monitoring qiladi. Agar yoshlar o‘qishga bormayotgan bo‘lsa, kurs xarajatlarini qoplash to‘xtatiladi. Shuningdek, yoshlarning avtomaktabda o‘qish xarajatlari BHM ning 4 baravarigacha (hozirda 1 mln 380 ming so‘mgacha) qismi qoplab beriladi. Buning uchun avtomaktabda o‘qishni istagan yoshlar tuman (shahar) yoshlar ishlari bo‘limiga ariza hamda o‘quv kursi shartnomasi nusxasini beradi. Shartnomada ta’lim tashkiloti nomi, STIR, o‘quv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik to‘lov miqdori va umumiy muddat ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Hujjatlar qabul qilingandan keyin 3 ish kunida tegishli yoshlar yetakchisiga yuboriladi va yoshlar yetakchisi 5 ish kunida o‘qish xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida yoshlar ishlari bo‘limini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi shart. Hokim yordamchisi arizani 5 ish kunida ko‘rib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi (yoshlar ishlari bo‘limi) o‘z tashabbusi bilan kontrakt pulini o‘tkazib berishi mumkin. O‘qish xarajatini qoplab berish qanoatlantirilganda, pul o‘quv markazining hisob raqamiga o‘tkazib beriladi. Yoshlar yetakchisi yoshlarning haqiqatda avtomaktabga borayotganligini har oyda kamida 1 marotaba monitoring qiladi. Agar yoshlarning o‘qishga bormayotganligi aniqlansa, pul to‘lab berish bekor qilinadi.
Dehqonchilik va tomorqa yuritish bilan shug‘ullanayotgan yoshlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ularning urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilishlari uchun subsidiya beriladi. Jumladan, tomorqasi bo‘lgan yoki dehqonchilik qilayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun BHM ning 8 baravarigacha miqdorda hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida subsidiya beriladi. Subsidiya olish uchun ariza beruvchi Yoshlar ishlari bo‘limiga yeri borligini tasdiqlovchi hujjat hamda urug‘lik va ko‘chatlarni xarid qilish shartnoma nusxasini taqdim etadi. Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Hokim yordamchisi 5 ish kunida ariza beruvchining dehqonchilik qiladigan yeriga borib urug‘lik va ko‘chat ekishga sharoit borligini o‘rganadi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, pul ajratish haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida Yoshlar ishlari bo‘limini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi shart. Pul yoshlarning qo‘liga berilmaydi, ajratilgan pul urug‘lik va ko‘chat yetkazib beruvchi tashkilotga o‘tkazib beriladi. Bundan tashqari, tadbirkorlik uchun ijara xarajatlari qoplab beriladi. Xususan, yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar o‘z faoliyatini olib borayotgan joyning yillik ijara to‘lovining 30 foizi, biroq BHM ning 25 baravarigacha bo‘lgan qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida qoplab beriladi. Buning uchun quyidagi hujjatlar Yoshlar ishlari bo‘limiga taqdim qilinishi kerak. Jumladan, tadbirkorlik guvohnomasi nusxasi yoki o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi QR-kodli ma’lumotnoma, ijara shartnomasining soliqda hisobga qo‘yilganligi haqidagi bildirishnoma hamda ijara shartnomasi nusxasi. Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Hokim yordamchisi 5 ish kunida ijara shartnomasi xarajatlarini qoplash yoki rad etish haqida yoshlar ishlari bo‘limiga xabar beradi. Ariza rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi lozim. Ariza qanoatlantirilgan taqdirda, oylik ijara puli ijaraga bergan shaxs hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
Agarda yoshlarimiz yuqoridagi imtiyozlardan foydalanish davomida qaysidir mansabdor shaxs, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi faoliyatidan norozi bo‘lishsa, hech ikkilanmay sudga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qilishlari mumkin. Shu o‘rinda yana bir savol, “Yoshlar daftari”dan chiqarish qanday amalga oshiriladi? “Yoshlar daftari”dan chiqarishda ro‘yxatdan o‘tgan yosh o‘zi belgilagan yordam turini olgandan keyingina chiqariladi. Bu jarayonlar sms xabarnomalar orqali amalga oshiriladi. Deylik, bir fuqaro kontrakt-shartnoma mablag‘ini to‘lab berish uchun ariza berdi, o‘sha mablag‘ to‘langandan keyin daftardan chiqariladi. So‘ralgan miqdordagi mablag‘ ajratilmay turib sms tasdiqlash kodi yuborilsa, buni mas’ullarga aytmaslik tavsiya etiladi. Chunki bunda “Yoshlar daftari”dan asossiz chiqarish bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA