Bugungi yoshlar yurt ertasining egalari, ko‘zlangan maqsad va marralarimizni egallashda hal qiluvchi kuch hisoblanadi. Shu bois ham ularni har jihatdan yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, yurt koriga kamarbasta qilib tarbiyalash, buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish masalalariga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratib kelinadi.
Bu yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi zamirida ham katta ma’no-mazmun va oliy maqsadlar mujassam. Joriy yil davomida ilm-fanga, ishbilarmonlik va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi.
Mustahkam huquqiy baza – yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning muhim omili
Yoshlar haqida so‘z borar ekan, avvalo, mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgani va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilayotganini alohida qayd etish lozim. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam. "2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da ham yoshlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan edi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018-yil 27-iyunda imzolangan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon bilan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil etildi va ushbu jamg‘arma yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berishi belgilab qo‘yildi. Ya’ni, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuskorligini kompleks rivojlantirish vazifalari hujjatda tizimli belgilab qo‘yildi.

Konstitutsiyaviy islohotlarda
yoshlar tashabbuskorligi namoyon bo‘ldi
2023-yil mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy jarayonlar bo‘lib o‘tgani bilan yodda qoldi. Xususan, Konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, umumxalq ovozi bilan yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz qabul qilindi. Mazkur siyosiy jarayonda yoshlar faollik ko‘rsatganini alohida e’tirof etish joiz.
Yurtimiz yoshlari Konstitutsiya loyihasiga “mening davlatim”, “mening Konstitutsiyam”, degan nuqtayi nazardan takliflar berishdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga berilgan takliflarning 60 foizi aynan yoshlardan kelib tushgani ularning faolligidan, siyosiy jarayonlarga, yurt ertasiga befarq emasligidan dalolatdir.
Yoshlarning taqdim etgan takliflari yangilangan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgani e’tiborga molik. Yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olgani esa yoshlarga katta motivatsiya bo‘lmoqda. Yoshlar masalasi alohida bob darajasiga ko‘tarilib, qator huquqlar belgilangani yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash masalalari Konstitutsiyaviy darajada kafolatlanganidan dalolatdir.
“Yoshlar parlamenti” – yoshlar hayotida yangi institut sifatida
Kelajagimiz egalarining siyosiy-huquqiy bilimlarini yanada boyitish, mamlakat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish dolzarb masalalardan biridir. Bu borada davlat rahbarining tashabbusi bilan milliy parlamentimiz huzurida “Yoshlar parlamenti” instituti joriy etildi. 2020-yildan boshlab o‘z faoliyatini olib borayotgan ushbu tuzilmaning asosiy maqsadi yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va rag‘batlantirish, yosh avlodning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi faol ishtirokini ta’minlash, qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb etish hamda ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishdan iborat.
O‘tgan qisqa davr mobaynida ushbu tuzilma yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga jalb etish, yangi qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasiga targ‘ib qilish orqali yigit-qizlarning jamiyat hayotidagi daxldorligini kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi.
Bugun “Yoshlar parlamenti” har tomonlama faol va tashabbuskor yoshlarni o‘zida jamlagan holda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqmoqda. Yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligi jarayonlaridan xabardorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Yosh parlamentariylar orasida kelgusida deputat bo‘lishga munosib, qat’iyatli, o‘z mustaqil fikriga ega, jonkuyar va tashabbuskor yigit-qizlar talay. Vatanga sadoqat bilan ishlayotgan, ta’lim olayotgan, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega bu o‘g‘il-qizlar yurtimiz ertasini belgilaydigan kuch sifatida maydonga chiqajak.

“O‘zbekiston – 2030" strategiyasida yoshlar masalasi
“O‘zbekiston – 2030" strategiyasida ham yoshlar huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga oid bir qator maqsad-vazifalar o‘z aksini topgan. Jumladan, yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 400 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash va muammolarini hal etishga erishish, yoshlarning ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish maqsad qilingan.
Bundan tashqari, yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga oid masalalarda ham bir qator ustuvor maqsadlar ko‘zda tutilgan. Xususan, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, “Top-500"ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish kabi maqsadlar yoshlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.
Davlat dasturi: yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratiladi
Strategiyada yoshlar masalasida belgilangan maqsad-vazifalar joriy “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” doirasida izchil amalga oshiriladi. Zero, “O‘zbekiston – 2030" strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida o‘z aksini topgan vazifalar ko‘lami shundan dalolat beradi.
Keng jamoatchilik, shu jumladan yoshlarning fikr va takliflari asosida takomiliga yetkazilib, qabul qilingan Davlat dasturida yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi vazifalar bisyor. Masalan, 2024-yil 1-martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktiriladi. Bunda mazkur rahbarlar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib boradi. Bu ishlarning tizimli yo‘lga qo‘yilishi yoshlarga keng imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda o‘zining biznes g‘oyalari va tadbirkorlik istagi bor bo‘lgan yoshlar ko‘p. Davlat dasturida yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida ko‘pgina yengilliklar berilmoqda. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirish, shu yil 1-iyundan boshlab “Yosh tadbirkor” tanlovlarini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
“Yosh tadbirkor” tanlovining “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanib, respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi. G‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari esa Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Bu kabi imtiyoz va qulayliklar yosh yigit-qizlarimizning harakati va faolligini yanada oshiradi, ularni yangi g‘oya va tashabbuslarga undaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar mamlakati deya e’tirof etilayotgan O‘zbekistonda kelajagimiz egalari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochiq. Mavjud imkoniyatlardan o‘z vaqtida samarali foydalangan yoshlar, albatta, ko‘zlagan ezgu va yuksak marralariga erishadi, mamlakat kelajagi uchun poydevor bo‘la oladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA