Yoshlar bilan samimiy muloqot tashkil etildi
Joriy oʻquv yilida ham ushbu taʼlim maskaniga 10 nafar iqtidorli, bilimli, bir nechta xorijiy tillarni oʻzlashtirgan talaba oʻqishga qabul qilindi.
Buyuk ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni tadqiq qilish, xalqimiz, keng jamoatchilikka ushbu merosning boy maʼnaviy-maʼrifiy asoslarini yetkazish maqsadida Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz maʼnaviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etdi.
Ayniqsa, ajdodlarimizning boy ilmiy meroslarini oʻrganish va tadqiq etish, ularning asarlaridagi bagʻrikenglik, olijanoblik kabi fazilatlar va qadriyatlarni keng tarannum etish borasida xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari qatorida Hadis ilmi maktabi ham munosib oʻrin egallab kelmoqda.
Joriy oʻquv yilida ham ushbu taʼlim maskaniga 10 nafar iqtidorli, bilimli, bir nechta xorijiy tillarni oʻzlashtirgan talaba oʻqishga qabul qilindi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻofur Ahmedov 2020/2021 oʻquv yili uchun Hadis ilmi maktabiga oʻqishga qabul qilingan talabalarning har biri bilan alohida-alohida videokonferensiya tarzida onlayn muloqot qildi.
Muloqotda Qoʻmita raisi imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, nufuzli ilm dargohiga oʻqishga qabul qilingan talabalarni tabrikladi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu taʼlim muassasasida oʻqish ulkan baxt va sharaf ekanini taʼkidlab, ularning kelajakda ulugʻ ulamolarning munosib izdoshlari boʻlishlariga umid bildirib, oʻqishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Shu oʻrinda, joriy oʻquv yilida talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlar yuzlab hadislarni yoddan bilishi, Qurʼoni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixiga oid bilimlarni puxta egallagani, arab, ingliz va fors tillarini chuqur oʻzlashtirgani, mumtoz matnlarni oʻqiy olish qobiliyati va zamonaviy axborot texnologiyalaridan yuqori darajada foydalana olish koʻnikmasiga ega ekani bilan ajralib turganini alohida qayd etish lozim.
Muloqotda talaba yoshlar kelajakda davlatimiz rahbari aytib oʻtganlaridek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlish yoʻlida hadis ilmining nozik qirralarigacha puxta va chuqur oʻrganib, bu borada bor kuch-gʻayratlarini safarbar etishini bildirdi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati