Yoshlar bilan ishlash, jamiyatdan ajrab qolgan, hayotda o‘z o‘rnini topolmayotgan, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushgan yoki hayotning noto‘g‘ri ko‘chalariga kirib qolganlarni faol hayotga qaytarish o‘zini shu yurt farzandi sanagan har birimizning muhim vazifamiz hisoblanadi.
Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida alohida ishlash talab etiladigan yoshlarni mas’ul rahbarlarga biriktirish amaliyotini joriy etish vazifasi belgilangan.
Bugungi kunda Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi 3 million 15 ming 167 aholining 1 million 424 ming nafari yoki 22,3 foizi 30 yoshgacha bo‘lganlarni tashkil etadi. Ayniqsa, ular orasida uyushmagan, ya’ni aniq mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan yosh avlod bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat yurituvchi yoshlar yetakchilari tomonidan joriy yil avvalida xatlov o‘tkazilib, 652 ming 879 nafar o‘g‘il-qiz “Yoshlar balansi”ga kiritildi. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishi o‘rganilib, ular uch toifaga ajratildi.
Bunda yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 372 ming 59 nafari “yashil” toifaga, turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin, iqtisodiy faol 280 ming 591 nafari “sariq” toifaga, davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 9 ming 758 nafari “og‘ir” toifaga ajratilgan.
Bundan tashqari viloyatdagi 8 ming 246 nafar yosh jami 371 nafar rahbarga otaliqqa biriktirildi. Har bir tashkilot boshlig‘iga shahar va tumanlardagi yoshlar bilan shaxsan manzilli uchrashish, individual ishlagan holda, mavjud muammo va takliflarni o‘rganishlariga e’tibor qaratishlari belgilab berildi.
Bu borada hozirga qadar olib borilgan ishlar natijasida, 2 ming 463 yosh tomonidan 2 ming 833 muammo va taklif bildirilib, shularning 2 ming 724 tasi, boshqacha aytganda 96,2 foizi ijobiy hal etilgan.
Ta’kidlash joizki, 50 nafardan e’tiborga muhtoj yosh boshqa mas’ul tashkilotlar rahbarlari qatorida oliy ta’lim muassasalari rektorlariga ham biriktirildi. Jumladan, Namangan davlat universiteti rektoriga Pop tumanida istiqomat qiluvchi 52 nafar yosh (shundan 13 nafari ayol-qiz, 39 nafari o‘smir) biriktirilgan. Bu yoshlar bilan yil davomida manzilli, aniq mezonlar asosida ish tashkil etildi. Avvalo, rektor nomidan biriktirilgan 52 yoshga maktub jo‘natilib, ularning muammo va qiyinchiliklarini o‘rganish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida olti bor “Universitet va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Tumandagi Vodiy, Toshqo‘rg‘on, Yangiobod va Birlashgan mahallalarida “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etilmoqda. Jumladan, joriy yilning aprel oyida universitet rektori, professor Sobitxon Turg‘unov boshchiligida e’tiborga muhtoj yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda biriktirilgan o‘g‘il-qizlarning ijtimoiy holati, yashash sharoitlari, qiziqish va maqsadlari o‘rganilgan holda, “Yo‘l xarita” ishlab chiqilgandi.
Hozirgi kunga qadar biriktirilgan yoshlar bilan o‘ndan ortiq yuzma-yuz uchrashib, suhbatlashildi. Uchrashuvlarda ertamiz egalari tomonidan bildirilgan muammolar qisqa muddatlarda hal etib berildi. Universitet rahbariyati tashabbusi bilan 24 ta asbob-uskuna va jihoz olib berish, ikkita moddiy yordam, uchta boshqa yo‘nalishdagi muammoli masala ijobiy hal etildi.
Joriy yilning sentyabr va oktyabr oylarida ham Kelachi va Iftixor mahallalariga navbatdagi tashriflar chog‘ida yoshlarning muammolari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularga turli xil jihozlar topshirildi.
Masalan, Iftixor mahallasida yashovchi yoshlardan Muhammadbobur Ulkanboyevga karcher apparati, Tohirjon Rahimovga qurilish anjomi, Furqat Abdurahmonovga boks charm qo‘lqopi, Dilnura Sharipovaga zamonaviy noutbuk, Odina Aliyevaga ham Pop maishiy xizmat ko‘rsatish kollejiga o‘qishga kirgani uchun noutbuk, Zahroxon Habibulloxonovaga tikuv mashinasi taqdim etildi.
O‘z navbatida, Kelachi MFY yoshlari bo‘lgan Xushnud Yoqubov, Otabek Qodirov, Zarnigor Po‘latova, Islomjon Qodirov, Husanboy Kamoliddinov, Saodat Yoqubova, Shahboz Hakimov va Surayyo Ibrohimovalarga zamonaviy noutbuklar taqdim etildi. Madina G‘aniyevaga qiziqishi va kelgusi rejalaridan kelib chiqib tikuv mashinasi, Xurshidxo‘ja Shermurodovga sartaroshlik anjomi, Husanboy Qodirovga ventilyator, G‘ayrat Mamadaliyevga ustachilik bilan shug‘ullanishi uchun payvandlash apparati berildi.
– “Yoshlar balansi” asosida rahbarlarga biriktirilgan, ijtimoiy ahvoli og‘ir deb topilgan yoshlarning aksariyati bugun jamiyatning faol a’zosiga aylanmoqda, – deydi Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov. – Aniqroq aytganda, yoshlar bilan muntazam ishlash, tegishli fanlardan tushuntirishlar olib borish va fanlar bo‘yicha tarqatma materiallari bilan ta’minlash natijasida, oliygohimiz ko‘magida uch nafar yosh oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lishga erishdi. “Og‘ir” toifada turuvchi yoshlarimizdan Xushnud Yoqubov Toshkent irrigatsiya va melioratsiya universiteti, Otabek Qodirov Namangan muhandislik-qurilish instituti, Zarnigor Po‘latova Namangan xalqaro kimyo universiteti, Husanboy Kamoliddinov Pop kasb-hunar maktabiga o‘qishga kirdi. Endilikda, ularning hayotda o‘z maqsadi va to‘g‘ri tanlangan yo‘li bor.
Otaliqqa olingan yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda, universitet qoshidagi “Mustaqil ta’lim markazi”da chet tili kurslari va turli to‘garaklarda ishtirok etishlari yo‘lga qo‘yildi.
E’tiborlisi, amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli tashabbuslar ijrosi navqiron avlodning faol bo‘lmagan qatlamini jamiyatga qaytarish bo‘yicha katta qadam bo‘ladi. Yosh avlod kamoloti masalasidagi oldimizga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish orqali islohotlar samaradorligi natijasi har bir yoshning hayotida aks etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri