Yoshlar bandligi: ishonch, rag‘bat va mas’uliyat
Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlariga ko‘maklashish, ayniqsa, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda Andijon viloyati aholisining qariyb 53 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishi, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilgan.
Andijon viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida yoshlarning muammolarini hal etish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan zarur ishlar olib borilmoqda.
Yil boshida viloyatdagi mahallada yoshlar yetakchilari tomonidan xatlov o‘tkazilib, ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Ana shu yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, rejalar belgilandi. Jumladan, har bir mahalla bo‘yicha “Yoshlar bandlik dastur”lari ishlab chiqilib, 9 ming 880 nafar ishsiz yoshning bandligini ta’minlash reja qilindi.
Ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish uchun tuman, shahar, viloyat darajasidagi 569 nafar mas’ul rahbarlar biriktirildi.
– Ana shu maqsad yo‘lida olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning birinchi choragida 9,5 ming nafar yoki 97 foiz ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Tangirqulov. – Xususan, ularning 7 ming 674 nafari korxona, tashkilot va muassasalardagi doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan 678 nafar yoshga 13 milliard 947 million so‘m miqdorida kredit ajratildi, 20 nafariga 7,9 gektar yer maydoni, 357 nafariga turli jihozlar xarid qilish uchun subsidiya ajratildi.
Andijonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, yakka tartibdagi tadbirkorlarning salmoqli qismini 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar tashkil etadi. Bundan tashqari, yuridik shaxs sifatida faoliyat olib borayotgan viloyatdagi tadbirkorlik sub’ektlarining qariyb 15 foiziga yoshlar rahbarlik qilib kelmoqda. Bu viloyatda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning amaliy samarasidir.
[gallery-29901]
Joriy yilning birinchi choragida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 678 nafar yoshning biznes loyihalarini amalga oshirish uchun 13 milliard 947 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan bo‘lsa, keyingi uch oyda yosh tadbirkorlarga kredit ajratilish hajmi bir necha barobarga ortdi. Ana shu kreditlar hisobiga yangi loyihalarning amalga oshirilishi bilan ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Masalan, “Aloqabank”tomonidan amalga oshirilayotgan “Yoshlarbiznesi” dasturi doirasida shu yilning o‘tgan davrida 786 nafar tashabbuskor yosh tadbirkorga 81,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar taqdim etildi.
– Menga “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 1 milliard 500 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu kredit hisobiga gazlanmagan ichimlik suvini qadoqlash yo‘nalishida o‘z tadbirkorligimni boshladim, 20 nafar tengdoshimning bandligini ta’minladim, – deydi Andijon tumani, Cho‘nbog‘ich mahallasida yashovchi Javlonbek Habibullayev.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida oliy ta’lim muassasalarida “Kelajakka qadam” markazlari tashkil etilib, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha zarur ishlar olib borildi.
Umuman, mazkur qaror ijrosi doirasida bugungi kunga qadar viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarining 758 nafar bitiruvchisiga biznes loyihalarni amalga oshirish uchun 32 milliard 382 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
– “O‘zmilliybank”dan ajratilgan 1 milliard so‘m kredit hisobiga Andijon shahrida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etdim, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti bitiruvchisi Naziraxon Sapioxunova. – Xorijdan ilg‘or, zamonaviy tibbiy uskunalar sotib olib, ishga tushirdim. Hozirda 5 nafar kishi, asosan yoshlar mehnat qilayotgan markazimizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Kelgusida markazimizning yangi filiallarini ochish, faoliyatimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
– “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida men o‘zim yashayotgan Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘quv markazi tashkil etganman, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti bitiruvchisi Ra’no To‘xtasinova. – Markaz faoliyatini kengaytirish uchun taqdim etgan biznes-loyiham ma’qullanib, menga bank tomonidan 90 million so‘m imtiyozli kredit ajratilganligidan xursandman. Men kabi ko‘plab tadbirkor yoshlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotganligi uchun, avvalo, Prezidentimizga, mutasaddilarga rahmat aytaman.
Darhaqiqat, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchilari ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘makdan xursand bo‘lmoqda.
– Men yurtimizda yoshlarga, tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘makdan foydalanib, o‘z biznesimni yo‘lga qo‘ydim, – deydi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bitiruvchisi Abrorbek Sattorov. – Tashkil etgan korxonamda nafaqat o‘zim, balki bir necha yoshning ishlab, daromad topishiga ko‘maklashayotganimdan, yurtimiz rivojiga hissa qo‘shayotganimdan xursandman.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari