Guliston davlat universiteti Ishlab chiqarish texnologiyalari fakultetining Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash texnologiyalari ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun 2025 yil yozida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amaliy ko‘nikmalarni oshirish va talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.
Shunga binoan, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari kafedrasining tashabbusi bilan “Yosh agrotexnologlar” to‘garagi tashkil etildi. Mazkur to‘garak orqali talabalarning kasbiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishi orttirilmoqda, shuningdek, ularda amaliy ko‘nikmalar va ilmiy izlanishga bo‘lgan intilish rivojlanmoqda.

To‘garakning navbatdagi mashg‘uloti “Don sifatini tahlil qilish” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda talabalar don va don mahsulotlarini saqlash, saralash hamda qayta ishlash jarayonlarida sifatni baholash usullarini amaliy jihatdan o‘rganishdi. Ta’lim jarayonida nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashtirildi, mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi.

– To‘garak faoliyati talabalarni kasbga bo‘lgan muhabbat ruhida tarbiyalash, ularda mustaqil fikrlash, tahlil qilish qobiliyatini shakllantirish va eng muhimi, innovatsion yondashuvlar asosida bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Biz talabalarni mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlash maqsadida ularning har bir mashg‘ulotini hayotiy misollar asosida tashkil etmoqdamiz, – deydi to‘garak rahbari, Oziq-ovqat texnologiyalari kafedrasi dotsenti Dilorom To‘rabekova.

Talabalar ushbu mashg‘ulotlar orqali nafaqat nazariy bilimlarini mustahkamlashmoqda, balki ularni laboratoriya sharoitida sinab ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqdalar. Bunday tadbirlar orqali o‘quvchilarda sohaviy bilimlarga nisbatan qiziqish ortmoqda, ularning bilim va ko‘nikmalari tobora boyib bormoqda.
To‘garakning asosiy maqsadi – yoshlarni o‘z kasbiga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, innovatsion fikrlashga undash va ularni kelajakda mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan mutaxassislar sifatida shakllantirishdir. E’tiborlisi, ushbu ishlar tizimli ravishda, izchil tarzda yo‘lga qo‘yilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri