Yoshi ulug‘lar “Stol tennisi”da bahslashdi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan “Keksalar haftaligi” doirasida Kogon tumani B.Naqshband mahalla fuqarolar yig‘ini Yangiyo‘l qishlog‘ida yashovchi 67 yoshli Dilbar aya Choriyeva holidan xabar olindi.
Ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan Dilbar ayaning ancha paytdan buyon ushalmay kelayotgan istagi amalga oshdi. Onaxonga Fond tomonidan nogironlik aravachasi hamda oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
– 1973 yildan 2005 yilgacha qishloq xo‘jaligida ishchi bo‘lib ishladim, – deydi Dilbar aya Choriyeva. – 2012 yildan buyon II-guruh nogironiman, nogironlik aravachasiga muhtoj edim. Biz keksalarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun rahmat. Berilgan ushbu aravacha endi og‘irimni yengil qiladi. Juda xursandman.
Shuningdek, "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi, Turizm va sport boshqarmasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda “Keksalar haftaligi” doirasida sportning “Stol tennisi” turi bo‘yicha viloyat birinchiligi o‘tkazildi.
Tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan keksa otaxon va onaxonlar viloyat birinchiligi uchun o‘zaro bellashdi.
Musobaqa hakamlar tomonidan baholab borildi.
Natijalariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi bahslarda faxrli I o‘rinni Husen Narziyev, II o‘rinni Sobir Rajabov hamda III o‘rinni Saidjon Ortiqov va Farhod Choriyev qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasida kechgan bahslarda I o‘rinni Lyudmila Rashidova, II o‘rinni Dilbar Shukurova hamda III o‘rinni Tamara Jukova egalladi.
Musoboqada g‘olib bo‘lgan keksalarga “Mahalla” xayriya jamoat fondining esdalik sovg‘alari topshirildi.


Zarif Komilov, O‘zA