“Yosh vatanparvarlar» aniqlandi
Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasiga qarashli harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri kubogi uchun “Yosh vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
9 aprel – Amir Temur tavaluddining 685 yilligi munosabati bilan shahar mudofaa ishlari boshqarmasi, shahar “Vatanparvar” tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqada tuman bosqichlarida yuqori natijalarga erishgan jamoalar ishtirok etib, “Mohir mergan”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Safda qo‘shiq aytish” va “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Musobaqani tashkil etishdan asosiy maqsad o‘quvchi-yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish orqali bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, o‘zaro madaniy-sport aloqalarini yo‘lga qo‘yish, dastlabki harbiy va psixologik tayyorgarlikka ega, buyuk ajdodlarimiz kabi mard, jasur, halol, jismonan baquvvat, bilimli, keng dunyoqarashli, vatanparvar, mas’uliyatli, qiyin va ekstremal vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini egallagan barkamol avlodni tarbiyalashdan iboratdir.
Musobaqada faxrli birinchi o‘rinni Uchtepa tumani jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Chilonzor tumani jamoasi sazovor bo‘lgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Yangihayot tumani jamoasiga nasib etdi.

G‘olib va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA