Yosh tadbirkorlarni qanday muammolar qiynayapti?
Prezidentimizning 2022 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’ektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, raqamli texnologiyalar orqali tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari bilan ishlash tizimini takomillashtirish uchun “business.gov.uz” yagona interaktiv portali “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali etib qayta tashkil etildi.
Portalga kiritilgan murojaatlar avtomatik ravishda yoki Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan tegishli vakolatli organlarga ko‘rib chiqish va hal etish uchun yo‘naltiriladi. Vakolatli organlar portal orqali kelib tushgan murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqadi hamda natijalari to‘g‘risida axborotni portalga kiritadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil portalga kiritilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan raqamli nazorat o‘rnatadi hamda qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli ta’sir choralarini qo‘llaydi.
Biznes-ombudsman ma’lumotiga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi moliyalashtirish va kredit, yer maydoni yoki bino ajratish, infratuzilmaga ulanish va soliq ma’muriyatchiligi masalalariga tegishli.

Qayd etilganidek, kelib tushgan murojaatlar asosida tegishli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, yosh tadbirkorlarning ish faoliyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarning oldi olindi.
Jumladan, xorazmlik xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat olib boruvchi tadbirkor noturar joy binosi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda to‘lovlarni amalga oshirib, o‘z faoliyatini olib borgan. Joriy yilda ushbu noturar joy binosida qo‘shimcha qurilish ishlari amalga oshirilgani sababli kadastr hujjatlarini qayta rasmiylashtirishga ehtiyoj to‘g‘ilgan. Biroq, noturar joy manzili o‘zgarmagan bo‘lishiga qaramasdan, tuman kadastr organlari tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirishda yana qo‘shimcha to‘lov amalga oshirish talab qilinayotgani yuzasidan "Tadbirkor virtual ofisi" orqali shikoyat qilingan.
Murojaat nazoratga olinib, yosh tadbirkorga kadastr hujjatlari ortiqcha to‘lovlarsiz qisqa fursatlarda rasmiylashtirib berilishi ta’minlandi.
“Tadbirkor virtual ofisi” orqali kelib tushgan yana bir murojaatga asosan yosh tadbirkorlardan yana birining hisobraqamiga qo‘yilgan taqiq olib tashlandi. Namanganlik yosh tadbirkor avtomobillarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyatini olib boradi. 2018 yilda faoliyat yo‘nalishini kengaytirib, ikkinchi korxonasi uchun bank bilan kredit shartnomasi imzolaydi va dastlabki korxonasidan 4,6 milliard so‘mni to‘lab berishga kafil bo‘ladi.
Shartnoma shartlari bajarilib, tadbirkor ortig‘i bilan, ya’ni 5,5 milliard so‘mni kafil bo‘lib to‘lab berganiga qaramay, uning hisobraqamiga qo‘yilgan taqiq olib tashlanmagani faoliyatini olib borishga to‘sqinlik kiladi."Tadbirkor virtual ofisi" orqali qilingan murojaat nazoratga olinib, yosh tadbirkorning bankdagi hisobraqamiga qo‘yilgan taqiq olib tashlandi.
Shuningdek, savobli ishni boshlagan yosh tadbirkorga ko‘maklashildi. Xususan, Samarqand viloyatida ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi yosh tadbirkor 2 nafar nogironli bor shaxsni ish bilan ta’minlab kelgan. Biroq oxirgi 2 oy davomida tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi nogironli bor shaxslarga to‘lab berilishi lozim bo‘lgan mablag‘larni har-xil bahonalar bilan to‘lab bermayotgani sababli ishonch telefoni orqali murojaat yo‘llagan.
Yosh tadbirkorning murojaati Biznes-ombudsman amaliy ko‘magi natijasida ijobiy hal etildi va ishchilarga belgilangan to‘lovlarning to‘lab berilishi ta’minlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA