Yosh tadbirkorlar uchun imkoniyat
Mamlakatimizda yoshlarning biznes rejalarini qo‘llab-quvvatlash, mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish doimiy e’tiborda.
Mamlakatimizda yoshlarning biznes rejalarini qo‘llab-quvvatlash, mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish doimiy e’tiborda.Toshkent temir yo‘l kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan bitiruvchilarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yakka tartibdagi mehnat faoliyati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirda shu haqda so‘z yuritildi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va qator tijorat banklari hamkorligida kollejlar va akademik litseylar bitiruvchilari o‘rtasida muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovi bitiruvchilarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning o‘z biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur sa’y-harakatlar samarasida har yili kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan ko‘plab yigit-qizlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, oilalar farovonligiga hissa qo‘shmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Mirobod tumani bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tumandagi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarning mingga yaqin bitiruvchisi o‘z biznes g‘oyasi bilan ishtirok etdi. Tanlov uchun eng yaxshi biznes rejalar tanlab olindi.
Toshkent temir yo‘l kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Mahbuba Choriyevaning ekologik toza yuvish vositalarini ishlab chiqarishga oid g‘oyasi ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.
– Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, yurtim rivojiga o‘z hissamni qo‘shaman, degan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda, – deydi Mahbuba. – Kelgusida o‘z rejalarimni amalga oshirib, muvaffaqiyatga erishish niyatidaman.
“Tadbirkor yoshlar” konsultativ markazi tomonidan bitiruvchi o‘quvchilarga biznes rejalar tuzish, ularni hayotga tatbiq etish, huquqiy bilimlarini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.