Yosh tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Navoiy davlat konchilik institutida “Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash – taraqqiyot garovi” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Navoiy davlat konchilik institutida “Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash – taraqqiyot garovi” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyati kengashi tomonidan “Start up” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi vakillari, tijorat banklari mas’ul xodimlari, tadbirkorlar, fermerlar va yoshlar, ishtirok etdi.
Prezidentimizning joriy yil 19-iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbir tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarning o‘z biznes loyihalari taqdimotini namoyish etishi, mutaxassislardan zarur ko‘rsatma va maslahatlar olishida muhim omil bo‘ldi.
Mazkur loyiha doirasida partiya hamkorlari bilan birgalikda yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatish, ularning o‘z biznesini yuritishiga, aholi bandligi va daromadlari jadal o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladigan oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikning turli shakllarini jadal rivojlantirishga faol ko‘maklashiladi.
– Loyiham “Crystal Laundromat” xizmati deb nomlanadi, – deydi ishtirokchi B.Abdullayev. – Ushbu loyiha doirasida ko‘p qavatli uylar hamda davlat korxonalari yotoqxonalarida istiqomat qiladigan odamlar uchun kir yuvadigan maskanlar qurish nazarda tutilgan. Asosiysi, biznes rejam tayyor. Agarda ushbu loyiha amalga oshiriladigan bo‘lsa, aholiga yengillik yaratilishi bilan birga, bir nechta ish o‘rinlari yaratiladi. “Start up” loyihasi doirasidagi ushbu ochiq muloqotda viloyatimizdagi yirik tadbirkorlardan kerakli maslahatlar oldim.
Tadbir yakunida eng yaxshi, deb topilgan 3 nafar loyiha muallifi tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.