Yosh tadbirkorlar Cornell professorlaridan ta’lim oldi
Yoshlar ijod saroyida Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Yangi avlod tadbirkorlari” intensiv ta’lim dasturi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni nafaqat moliyaviy rag‘batlantirish, balki ularga tizimli biznes ta’limini berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

“Yangi avlod tadbirkorlari” ta’lim dasturi ham davlatimiz rahbarining 2026-yil 20-apreldagi «Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030» strategiyasini 2026-2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan, 2030-yilga qadar 20 mingdan ortiq (ayrim bosqichlarda 40 minggacha) yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yirik davlat dasturi. Ushbu intensiv ta’lim dasturi Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Yoshlar venchurs” jamg‘armasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan dastur doirasida 50 nafar yosh startap asoschisi Cornell University professorlaridan ta’lim oldi. Ishtirokchilar xalqaro bozorga chiqish, biznesni rivojlantirish va startaplarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bilim va tajriba orttirdi.

Dastur yakunida ishtirokchilarga Cornell School of Management tomonidan maxsus sertifikatlar topshirildi. Yakuniy tadbir doirasida ochiq netvorking tashkil etilib, yosh tadbirkorlar o‘zaro tajriba almashish, yangi tanish orttirish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA