Yosh strateglar ko‘hna shahar merosi bilan tanishdi
Ko‘hna va boqiy Buxoro yana bir bor xalqaro do‘stlik, ma’rifat va madaniy muloqot markaziga aylandi. “Vladimir Kvint nomidagi yosh strateglar ta’lim sohasida birlashishining V-xalqaro yig‘ini” doirasida turli davlatlardan tashrif buyurgan 120 nafar iqtidorli o‘quvchi va pedagoglardan iborat delegatsiya Buxoro shahri mehmoni bo‘ldi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi ishtirokchilar o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni kengaytirish, ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh avlodni insoniyat sivilizatsiyasida muhim o‘rin tutgan Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir.

Buxoro shahriga uyushtirilgan sayohat davomida mehmonlar shaharning eng mashhur va diqqatga sazovor maskanlarida bo‘lib, asrlar davomida saqlanib kelayotgan noyob me’moriy yodgorliklar, muqaddas ziyoratgohlar va tarixiy obidalarni tomosha qildi. Malakali gidlar hamrohligida tashkil etilgan ekskursiyalar orqali ishtirokchilar Buxoroning o‘tmishda ilm-fan, savdo va madaniyat markazi sifatida tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Mehmonlarda ayniqsa, shaharning betakror sharqona muhiti, qadimiy ko‘chalari, milliy hunarmandchilik an’analari va mehmondo‘stlik fazilatlari katta taassurot qoldirdi. Ular o‘zbek xalqining urf-odatlari, milliy qadriyatlari hamda boy ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishib, o‘z bilim va dunyoqarashlarini yanada boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bu kabi tashriflar yoshlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va kelajakdagi hamkorlik aloqalari uchun mustahkam poydevor yaratishi bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, Buxoroning xalqaro nufuzini yanada oshirish, uning boy tarixiy merosini jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib qilishda ham muhim o‘rin tutadi.
Buxoroda o‘tkazilgan mazkur uchrashuv va sayohat dasturi yosh avlodni keng dunyoqarashli, strategik fikrlaydigan, turli millat va madaniyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.