Yosh siyosatchilar marafoni o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti tashabbusi bilan “G‘oya ber, fikr bildir, kelajakni birgalikda yarat!” shiori ostida “Yosh siyosatchilar marafoni” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqi, “Yuksalish” harakati va Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu marafon yoshlarning siyosiy jarayonlar va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yigit-qizlarni siyosiy jarayonlar kuzatuvchisi emas, balki muammolarni tahlil qiladigan, o‘z pozitsiyasini asoslaydigan va aniq yechimlar taklif etadigan faol ishtirokchi sifatida shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonlari, davlat boshqaruvi va jamoatchilik muhokamalaridagi ishtirokini kengaytirish, ularda fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlash, ularni jamiyat hayotidagi muhim jarayonlarga faol jalb etish dolzarb ahamiyatga ega.

Shundan kelib chiqib, tadbir doirasida yangi avlod siyosati va liderlik, raqamli siyosat va global muloqot, inson kapitali va iqtisodiy imkoniyatlar, yashil taraqqiyot va barqaror kelajak mavzularida panel sessiyalari o‘tkazildi.
Ularda fuqarolik jamiyati, sun’iy intellekt, ta’lim va bandlik, tadbirkorlik, ekologik muammolar hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Marafon yakunida ishtirokchilarning takliflari, dolzarb tashabbuslari asosida “Yosh siyosatchilar ovozi” to‘plamining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirishga kelishib olindi.
M.Komilova,
O‘zA