Yosh shoirlarning ijodiy bahsi qizg‘in o‘tdi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar bo‘limi tomonidan an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan "Ijodiy bahs" loyihasining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Buxoro va Namangan viloyatlari yosh ijodkorlari do‘stona uchrashdi. Unda Buxorodan Jasur Eson, Muhammad Hodiyev, Burxon Rahmat, Dilnoza Istamova, Namangandan Anvar Botir, Ruxsora Isoqova, Mahliyo Saloydinova, Muhammadxon Yusupov kabi yosh ijodkorlar ishtirok etdi.

Aytish kerakki, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatida ustuvor o‘rin egallaydi.
“Mening birinchi kitobcham” rukni ostida yosh shoir va yozuvchilarning asarlarini chop etishga yaqindan ko‘maklashib kelinmoqda.
Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari adabiyotga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan iste’dod sohiblari faoliyatini keng jamoatchilikka tanishtirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

“Xiyobon oqshomlari” ijodiy loyihasi yosh shoirlar ijodidan kengroq bahramand bo‘lish imkonini berayotgani bilan ahamiyatli.
Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlarida muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi milliy adabiyotimizda kechayotgan bugungi jarayonlar bilan yoshlarni kengroq tanishtirish, kitobxonlik targ‘ibotini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda adib va shoirlar ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, bir qator tashkilotlar hamkorligidagi “Vatan manzumasi” ma’rifiy anjumanlari, “She’riyat festivallari”, “Adabiyot haftaliklari”, kitobxonlikka doir ezgu aksiyalar bu boradagi xayrli ishlarda alohida o‘rin egallaydi.
Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar bo‘limi tomonidan an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Ijodiy bahs” loyihasi juda qizg‘in va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi. Buxoro yosh ijodkorlari g‘olib deb topilib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
N.Usmonova,
O‘zA