Yosh shoiralar uchun ibrat maktabi
O‘zbekiston xalq shoiri, «El-yurt hurmati» ordeni sohibasi, ardoqli ustozimiz Oydin Hojiyeva milliy she’riyatimizda o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkorlardan sanaladi.
Har yilgidek bugun, 22 aprel kuni ham erta tongdanoq sevimli shoiramizning xonadonlari bahorning anvoyi gullariga to‘lib ketdi. Ustoz ijodkorni ko‘rish, ular bilan hamsuhbat bo‘lish, duolarini olish maqsadida she’riyat muxlislari, qadrdonlar, shogirdlari ularning xonadonlarida bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oydin Hojiyeva 1942 yil 22 aprelda Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyatining Qiziltepa tumanidagi Xojayi Bo‘ston qishlog‘ida tavallud topgan.
ToshDUning - hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.
Ijodkorning birinchi she’riy kitobi 1971 yili «Shabnam» nomi ostida kitob holida chop etilgan. Ustoz shoira uzoq yillar davomida mamlakatimizning yetakchi bosma nashrlarida samarali mehnat qilgan. "Gulxan", "Saodat" kabi jurnallarda bosh muharrir bo‘lib mehnat qilgan paytlari yosh shoiralarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar hayoti, ta’limga oid dolzarb muammolarni yoritishda jonbozlik ko‘rsatgan.
1992 yil "O‘zbekiston xalq shoiri" unvoniga sazovor bo‘lgan shoiraning «Manzillar» , «Onam sevgan qo‘shiq» , «Orzu guli» , «Tarovat», «Dostonlar», «Mushfiq onajon», «Xushxabar» , «Chashmalarni izlayman», «Tamal toshi» , «Ishonch yulduzlari», «Ko‘zimning oqu qorasi», «Panohim» kabi asarlari kitobxonlarga yaxshi ma’lum. Xalqchillik, Vatanga, ona-tabiatga muhabbat Oydin Hojiyeva she’riyatida ustuvor o‘rin tutadi.
Garchi bugun milliy she’riyatimizda yangi oqim va yo‘nalishlar ko‘p bo‘lsa-da, ustozlarning ijodi baribir yosh qalamkashlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilaveradi.
N.Usmonova, O‘zA