Yosh shifokorlar kelajagi kafolatlanmoqda
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot tizimini zamonaviy bosqichga olib chiqish va sohani yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, tibbiyot ta’limini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, eng muhimi, oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yosh mutaxassislarni munosib ish bilan ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ezgu maqsadlar doirasida o‘tkazilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari yoshlarning kasbiy faoliyatga ishonchli qadam qo‘yishiga xizmat qilayotgan muhim maydonga aylanmoqda.
Ana shunday muhim tadbirlardan biri Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan klinik ordinatura va magistratura bitiruvchilarini ishga joylashtirishga bag‘ishlangan “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” bo‘ldi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida yuqori saviyada tashkil etildi. Unda institut rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Teshayev, Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Said Ismoilov, Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xushnud Jalilov, viloyatdagi davolash muassasalari rahbarlari, hududiy tibbiyot birlashmalari boshliqlari, shuningdek, Qashqadaryo, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash tizimi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida mehmonlar institutda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli yangilanishlar bilan tanishishdi. Ular institut klinikasidagi zamonaviy tashxis va davolash uskunalari, yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlar, Xalq tabobati ilmiy laboratoriyasi hamda institutning boy tarixi aks etgan muzey faoliyatini ko‘zdan kechirishib, ta’lim va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligiga yuqori baho berdilar.
Yarmarkaning asosiy qismida 2026-yilda institutni tamomlayotgan 304 nafar klinik ordinatura va magistratura bitiruvchilari uchun mamlakatning turli hududlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. Ulardan 82 nafari magistratura, 222 nafari esa klinik ordinatura bitiruvchilari hisoblanadi.

Tadbir davomida har bir bitiruvchi o‘z mutaxassisligi, qiziqishi va kelgusidagi mehnat faoliyatini inobatga olgan holda ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qildi. Bu esa yosh mutaxassislar uchun o‘z bilim va salohiyatini munosib ish o‘rnida namoyon etish imkoniyatini yaratdi.
Yarmarka yakunlariga ko‘ra, 200 dan ortiq mehnat shartnomasi imzolandi. E’tiborlisi, avval ishga joylasha olmagan 30 nafardan ziyod bakalavr bitiruvchisi ham o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishdi. Bu esa tadbirning amaliy samaradorligi va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari vakillari ham o‘z hududlaridagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va mehnat sharoitlari haqida batafsil ma’lumot berishib, bitiruvchilar bilan mehnat shartnomalarini imzoladilar. Shuningdek, yoshlarga ishga qabul qilish tartibi, xizmat faoliyatidagi imkoniyatlar va kasbiy rivojlanish istiqbollari bo‘yicha zarur tushunchalar berildi.

Bunday amaliy tadbirlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “inson qadri”, “sifatli tibbiy xizmat” va “yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash” tamoyillarining hayotdagi amaliy ifodasidir. Zero, malakali shifokor – millat salomatligining ishonchli tayanchi, uning mehnati esa jamiyat taraqqiyotining eng muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan mazkur «Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi» yosh shifokorlarning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ularni munosib mehnat faoliyatiga yo‘naltirish hamda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bugun ish bilan ta’minlangan har bir yosh mutaxassis ertangi kunning malakali shifokori, minglab insonlar salomatligiga mas’ul bo‘lgan fidoyi kasb egasi sifatida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi, shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri