Yosh shaxmatchimiz Osiyo chempionatida sovrindor bo‘ldi
Xitoyda shaxmat bo‘yicha 8, 10, 12, 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yosh shaxmatchimiz 3-o‘rinni egalladi.
28-bor tashkil etilgan mazkur qit’a chempionatida 31 ta mamlakatning 900 nafarga yaqin shaxmatchi yoshlari safida O‘zbekiston terma jamoasining 21 nafar a’zosi sovrinli o‘rinlar va reyting ochkolari uchun kurash olib bordi.
Chempionatda eng ko‘p ishtirokchi Xitoy terma jamoasiga tegishli bo‘ldi – 358 nafar. Qatnashchilar soni bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Vetnam(80), Rossiya(62), Qozog‘iston(60), Hindiston( 34), Shri-Lanka(24), Mo‘g‘uliston(23) egalladi.
9 ta turdan iborat bo‘lgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, 10 yoshli o‘g‘il bolalar musobaqasida iste’dodli shaxmatchimiz Nurmuhammad Ne’matillaxonov 138 nafar tengdoshlari orasida 7 ochko jamg‘arib, qit’a chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.
E’tiborli jihati, 1 va 2-o‘rinlarni 7,5 ochko bilan band etgan Qozog‘iston va Xitoy vakillari hamyurtimizdan atigi 0,5 ochko ko‘p jamg‘ardi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, shaxmatchilarimizdan Madinabonu Asadova 10 yoshli qizlar o‘rtasida 6,5 ochko bilan 70 nafar qatnashchi orasida kuchli beshlikdan joy oldi. Ushbu yosh toifasida 1 va 2-o‘rindan joy olgan xitoylik shaxmatchi qizlar 7,5 ochko to‘plagan bo‘lsa, 3-o‘rin sohibasi ham yurtdoshimiz singari 6,5 ochkoga egalik qildi.
Chempionatda yoshlarimizdan 12 yoshlilar o‘rtasida Islombek Husanov 6,5 ochko bilan 131 nafar ishtirokchi orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 9, Biloliddin Odilov 14 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 6 ochko bilan 13, Mohinur Hikmatxonova 16 yoshli qizlar o‘rtasida 4,5 ochko bilan 21, Mumtozbegim Mansurova 18 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 5,5 ochko bilan 9-pog‘onaga ega chiqdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA