“Yosh sharqshunoslar” xalqaro anjumani
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida an’anaviy akademik Ubaydulla Karimov nomidagi yosh sharqshunoslar konferensiyasi o‘tkazildi. Bu yilgi konferensiya «O‘zbekistonda islom madaniyati, tarixi va san’atini o‘rganishning yangi istiqbollari» deb nomlandi.
Mazkur konferensiya 2004 yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadi. 2019 yildan esa u respublika miqyosidagi tadbirdan xalqaro darajaga ko‘tarildi.
Tadbir doirasida institut qo‘lyozmalar fondidagi manbalarning nodir namunalari ko‘rgazmasi uyushtirildi.
Konferensiyani Islom tarixi, madaniyati va san’atini tadqiq etish markazi (IRSISA) bosh direktori, professor, doktor Mahmud Erol Qilich va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori B.Abduhalimov ochib berdi.

Yalpi majlisda akademik Ubaydulla Karimov tadqiqotlarining O‘zbekiston sharqshunosligidagi o‘rni, Movarounnahrning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni va ahamiyati, X1X asr oxiri –XX asr boshlaridagi O‘rta Osiyo ijtimoiy hayotida musulmon ulamolarining roli hamda Janubiy Issiqko‘lning islom davriga oid mavzularga doir O‘zbekiston, Turkiya va Qirg‘iziston olimlarining ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiyada Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar institutlari va muzeylari, sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va AQSHning universitet va ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari onlayn tarzda ishtirok etdi.
Anjuman ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.Minovarov qatnashdi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA