YOSh RASSOM KO‘RGAZMASI
Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan san’at, teatr, madaniyat va ma’naviyat sohalariga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, tasviriy san’atga. Zero, san’at inson qalbi va tafakkurini yuksaltiradi. Rassom o‘z asarlari orqali bor iste’dodi, ichki kechinmalari va qalbidagi tug‘yonlarini vositasida o‘z iqtidorini namoyon etadi hamda vatandoshlarimiz qalbini go‘zal tuyg‘ularga oshno qiladi.
Kuni kecha Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, yosh rassom Ramiz Xodjayevning “Yovvoyi raqslar” nomli ko‘rgazmasi ochilish marosimida tasviriy san’atning naqadar qudratli kuch ekani yana bir karra ayon ko‘rindi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi rahbarlari, madaniyat arboblari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor-o‘qituvchilari, Samarqand viloyatining Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Rassom asarlarida hayotiy voqealar, ijtimoiy mavzular va inson kechinmalari o‘ziga xos uslubda ifodalangan, - dedi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur. – Yosh rassom Ramiz Xodjayevning tasviriy san’at asarlarida bugungi vatandoshlarimizning bunyodkorlik ishlari, ruhiy kechinmalari va hayotga bo‘lgan munosabatlari o‘ziga xos shaklda katta mahorat tasvirlangan. Ramiz Xodjayevning boshqa tengqurlaridan ajralib turadigan jihatlari shundan iboratki, u o‘z tuyg‘ularini milliy va zamonaviy shaklda uyg‘un holatda chizishga erishadi. Uning kartinalarida kubizm yo‘nalishi ham ayon ko‘rinadi. Bunday uyg‘unlik yosh rassomning kelajagiga umid va ishonch uyg‘otadi.
Darhaqiqat, yosh rassom Ramiz Xodjayevning har bir kartinasida shakllar o‘yini, ranglar qarama-qarshiligi va ramziy ifodalarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa rassomning badiiy tafakkuri va mahorati yuksak ekanidan dalolat beradi.
Asarlarga diqqat bilan nazar tashlasangiz, ular tomoshabinni yoshlik, beg‘uborlik, mehr-oqibat, go‘zallik, Vatanni sevish va muhabbatni ardoqlash kabi ezgu tuyg‘ularga undaydi. Tomoshabin rassom kartinalarini soatlab kuzatishi mumkin. Zero, har bir qarashda ranglar ortida yashiringan yangi g‘oya va ma’nolarni kashf etadi.
Rassomning asarlaridagi o‘ziga xos obrazlar ham san’at ixlosmandlarini tafakkur va tasavvur qilishga undaydi. Masalan, rassomning “Bolalik” asarida bolalik timsolining begunoh musichaga qiyoslanishi asarga yanada chuqur ma’no va ramziylik bag‘ishlaydi. Shuni ta’kidlash kerakki, rassom ijodida yorqin ranglar alohida o‘rin tutadi. Uning asarlarida zamonaviylik, tarixiylik va qadimgi me’moriy yodgorliklar, ijtimoiy hayot manzaralari o‘ziga xos badiiy talqinda aks etgan.
-“Men ko‘proq hayotni kuzatib, atrofimizda sodir bo‘layotgan voqealardan ta’sirlanib ijod qilaman. Rasm chizish paytida ko‘proq musiqa tinglayman. Musiqa sadosi menga yanada ilhom beradi”, - deydi Ramiz Xodjayev.
Rassom uchun rang — erkin harakat, hissiyot, ichki kechinmalar, dekorativ ritm va shakllarni uyg‘un holda tasvirlash muhim ahamiyatga ega.
R. Xodjayevning ijodida Samarqand muhiti, tarixiy binolar, yashil va ko‘k ranglarning mutanosibligi, zamonaviy badiiy qarashlar bilan uyg‘unlashgan holda aks etgan.
[gallery-31394]
Ramiz Xodjayevning “Yovvoyi raqslar” ko‘rgazmasi yosh rassomning izlanishlari, o‘ziga xos badiiy qarashlari va san’atga bo‘lgan munosabatini namoyon etadi. Uning asarlaridagi ranglar uyg‘unligi, ramziy obrazlar va erkin shakllar tomoshabinni nafaqat estetik zavqlanishga, balki fikrlashga, his qilishga va atrof-olamga boshqacha nigoh bilan qarashga chorlaydi. Yosh rassom R. Xodjayevning ilk ko‘rgazmasi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirish barobarida uning kelajagiga yuksak ishonch uyg‘otdi.
Munira Ramazonova, san’atshunos